Tashqi ishlar vazirligidagi uchrashuv to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev Shvetsiya Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Stokgolm shahrida) Ingrid Tersman va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Mak Gregor bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamda hozirgi paytda Shvetsiya raislik qilayotgan YeXHT doirasidagi O‘zbekiston – Shvetsiya hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz milliy manfaatlariga javob beradigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali xavfsizlikning har uchala o‘lchovi bo‘yicha O‘zbekiston va YeXHT o‘rtasidagi aloqalarning yuqori darajasi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muzokara davomida O‘zbekiston va Shvetsiya parlamentlari o‘rtasidagi munosabatni rivojlantirish, ikki tomonlama savdo hajmini o‘stirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘zA