Tashqi diplomatiya
O‘zA ushbu ruknda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixona va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish orqali iqtisodiy diplomatiyani yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Germaniya: Berlinda O‘zbekiston Raqobat qo‘mitasi delegatsiyasi ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Elchi Dilshod Ahatov bilan muloqotda iste’molchilar huquqini himoya qilish va raqobatni rivojlantirish sohasida Germaniya tajribasini o‘rganish hamda ikki davlat hamkorligini kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Hamyurtlarimizning safari 10-oktabrga qadar davom etadi.

O‘mon: O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi Abdusalom Hotamov GFR elchisi Monika Iversenni qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston – Germaniya munosabatlari va o‘zaro manfaatli boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Fransiya: O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati va “Buyuk temuriylar merosi: Markaziy Osiyo san’ati, ilm-fani va madaniyati” ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Vengriya: Mamlakatimizning Vengriyadagi elchixonasida pianinochi va bastakor, “Pyech Lorant Quartet” asoschisi Lorant Pech bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida madaniy hamkorlik va to‘rtlikning 2027-yil Toshkent xalqaro jaz festivalida ishtirok etish imkoniyati tahlil qilindi. Har ikki tomon O‘zbekiston va Vengriya musiqa jamoalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qiziqish bildirdi.

Polsha: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari R.Hakimov boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida Kuyavo-Pomorsk va Mazovetski o‘lkalarida tashkil qilingan uchrashuvlarda asosiy e’tibor hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga qaratildi.

Belarus: Respublikamizning Belarusdagi elchixonasi va Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan Andijon hamda Belarusning bir necha hududi o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilindi.

Yaponiya: O‘zbekiston fuqarolarini Yaponiya mehnat bozoriga tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish maqsadida “Proud Partners” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda yoshlarga yapon tili va kasbiy ko‘nikma o‘rgatish hamda ularning kun chiqar yurtda ish topish imkoniyatini kengaytirish mavzusi ko‘tarildi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA