Tashqi diplomatiya
O‘zA ushbu rukn orqali O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, elchilar tomonidan iqtisodiy diplomatiyani yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Birlashgan Arab Amirliklari. Yaqinda Ras al-Xayma amirligi Savdo-sanoat palatasida (RAK Chamber) palata raisi Muhammad Al Nuaymi va O‘zbekistonning BAAdagi elchisi Umid Shodiyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zaro muloqotda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish, biznes doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Singapur Respublikasi. Joriy yil 23-iyun kuni Singapurda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Singapur Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vivian Balakrishnan o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmon doiralar aloqalarini rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, oliy darajadagi muloqotlarni davom ettirish, 2027-yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Turkiya. Anqara shahrida Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, elchi Berris Ekinji xonim Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov bilan uchrashdi.
Muloqotda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil yanvar oyi oxirida Turkiyaga rasmiy tashrifi hamda savdo va sarmoyani rivojlantirish, o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish, ta’lim va odamlar almashinuvini kengaytirish har ikki hukumatning ustuvor vazifalari sifatida belgilangan O‘zbekiston – Turkiya oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 4-yig‘ilishi yakunlari muhokama qilindi.

Vengriya. Budapesht shahrida elchimiz Oybek Shahavdinov Vengriya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibasi Klara Breuer bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Fransiya. Parijdagi Favqulodda va muxtor elchimiz Nodir G‘aniyev va “EdTech France” rahbari Aud Gyono xonim o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekistonda zamonaviy ta’lim talablariga mos ilg‘or ta’lim texnologiyalari hamda sun’iy intellekt asosidagi o‘quv yechimlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Jeneva. Jeneva shahrida O‘zbekistonning Jenevadagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Eldiyor Toshmatov “Markaziy Osiyo transformatsiya jarayonida: milliy va mintaqaviy rivojlanishning yangi qarashi” mavzusidagi davra suhbatida nutq so‘zladi.
Tadbir “Bulan Institute for Peace Innovations” va Jeneva diplomatiya va xalqaro munosabatlar maktabi tomonidan tashkil etildi. Yig‘in davomida Markaziy Osiyoda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar, mintaqaning tobora birlashib, xalqaro maydonda faol ishtirok etayotgani alohida tilga olindi.
Fardona Yaxshiboyeva,
O‘zA