Tashqi diplomatiya
O‘zbekiston xalqaro hamkorlikni faol kengaytirmoqda. Dunyoning turli nuqtalarida o‘tkazilgan qator muhim tadbirlar mamlakatning iqtisodiy, ilmiy va madaniy salohiyatini namoyon etdi.

London. Londondagi nufuzli “Institute of Directors” tashkilotida o‘tkazilgan biznes forum O‘zbekistondagi iqtisodiy transformatsiya jarayoni, yuqori o‘sish sur’atiga ega tarmoqlar hamda investorlar uchun mavjud imkoniyatlarga bag‘ishlandi. Tadbirda mamlakat iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbir va xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida taqdimot o‘tkazildi.

Polsha. Polsha Respublikasi fan va oliy ta’lim vaziri, “Polsha-O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi deputati Marchin Kulyasek bilan uchrashuv o‘tkazildi.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, ta’lim, fan va innovatsiya sohasidagi aloqasini yanada rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi. Tomonlar oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi qo‘shma loyihani jadallashtirish hamda investitsiyaviy va akademik hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Malayziya. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasida pishiqchilik mavsumi oldidan meva-sabzavot mahsulotlari namoyishi tashkil etildi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasining Malayziyadagi elchixonasi va Markaziy eksport shtabi hamkorligida o‘tkazilib, unda mahalliy ishbilarmon doira vakillariga yurtimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish borasidagi salohiyati taqdim etildi.
Muloqot davomida mamlakatimizda yetishtirilayotgan sarxil mevalar sifati, saralash, kalibrlash va qadoqlash imkoniyati hamda yangi ishga tushirilgan quvvatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Qayd etish lozimki, bugungi kunda Malayziyaga 91 turdagi mahsulotni fitosanitariya sertifikati asosida eksport qilish imkoniyati mavjud. Markaziy eksport shtabi ushbu yo‘nalishda mahalliy eksportchilarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Ispaniya. Ispaniya Qirolligi Kongressi Madaniyat qo‘mitasi vakili Mariya Soledad Krus-Gusman Garsiya boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi siyosiy, madaniy-gumanitar hamda parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, yurtimiz madaniy merosini Ispaniyada targ‘ib qilish, qo‘shma ilmiy-madaniy loyihalarni tashkil etish va ikki xalq o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Germaniya. Bundestagda “O‘zbekiston va Germaniya: Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov, “Germaniya–Markaziy Osiyo” parlament guruhi rahbari Kristian Gorke va Bundestagning Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi Tanya Maxalet ishtirok etdi.
Uchrashuvda tibbiyot tizimida tajriba almashish, kadr tayyorlashni kuchaytirish, universitetlararo talabalar almashinuvini kengaytirish hamda qo‘shma tibbiyot forumlari kelishuvini hayotga tatbiq etish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.

Turkiya. Urganch shahrida ikki davlat iqtisodiy aloqasini mustahkamlashga qaratilgan “Xorazm Trabzon” biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov va Trabzon Savdo-sanoat palatasi raisi Erkut Chelebi boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etgan tadbirda to‘qimachilik, qurilish, oziq-ovqat, farmatsevtika, turizm va logistika sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA