“Tashabbusli byudjet” – muammolarning oqilona yechimi
Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘ faqatgina “Tashabbusli byudjet” orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratilishi belgilandi. Bunda “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trillion so‘mga yetkazilmoqda. Muhimi, “Tashabbusli byudjet” – mamlakatimizda yosh avlod kamoli yo‘lida olib borilayotgan yangilanish hamda islohotlarga hamohang loyiha ekanligi bilan ham ahamiyatlidir. Aynan “Tashabbusli byudjet” tufayli Buxoro viloyati Kogon tumanida ham umumta’lim dargohlari moddiy-texnik imkoniyatlari yaxshilanmoqda.
–Aniqroq aytganda, 2022 yil yangi o‘quv yili oldidan “Tashabbusli byudjet” loyihasidan 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni qo‘lga kiritgan ta’lim muassasalarida qurilish–ta’mirlash ishlari olib borilib, maktablardagi qator nuqson va kamchiliklar bartaraf qilindi, – deydi Kogon tumani Xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Zafar Qobilov. – Jumladan, mazkur sarmoya hisobidan hududdagi 21-sonli Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi sinfxonalari 4 ta elektron doska bilan ta’minlangan va sanitariya tarmog‘i ta’mirlangan bo‘lsa, 16-sonli umumta’lim maktabiga yoritish tizimi uchun chiroqlar, yangi zamonaviy eshik va deraza romlari olib o‘rnatilgan. Xuddi shunday, 9-sonli umumta’lim maktabining ta’mirtalab pol qismi, eshik va deraza romlari yangisiga almashtirilib, 1- va 2-sonli umumta’lim maktabining tom qismiga shifer qoplangan.

Shu qatorda, hozirda 3 mingdan ortiq o‘quvchini o‘z bag‘riga olgan mazkur ta’lim muassasalarini qishki mavsumda isitish tarmog‘ida ta’mirlash ishlari olib borilgani ham muhim ahamiyatga ega. Ayni kunda tizimdagi e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan ta’lim dargohlaridagi qurilish-ta’mirlash va moddiy-texnik ta’minotga doir o‘rganishlar muntazam olib borilib, har bir ta’lim dargohi manzilli ravishda “Tashabbusli byudjet” ga o‘z taklif va loyihalarini taqdim etish arafasida. Albatta, bunda tarmoqdagi mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan loyihani ilgari surib, kerakli ovoz to‘plash va g‘olib bo‘lish maqsad qilingan.

Ma’lumot uchun, Prezidentimiz raisligida 2022 yil 11 oktyabr kuni mahallalarda tizimli muammolarni hal qilish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida “Tashabbusli byudjet” loyihasi istiqboliga alohida ishonch bildirilgan. Bu boradagi taklif va tashabbusni yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligi ta’kidlangani holda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 364 ta loyiha uchun qo‘shimcha 335 milliard so‘m ajratishga ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, mazkur videoselektor yig‘ilishida 200 dan ortiq aholi qo‘llab-quvvatlagan mahalla shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni jihozlashga 2023 yilda qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratilishi aytildi. Bu orqali 195 ta loyiha doirasida 600 ta mahalla aholisi qamrab olinadi.
Ta’kidlanganidek, 2023 yildan viloyat byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining 30 foizi ham “Tashabbusli byudjet” loyihalariga berilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA