“Tashabbusli byudjet”: mahalladagi muammo hal bo‘ldi
“Tashabbusli byudjet” loyihasi mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini isloh qilish, mavjud moliyaviy imkoniyatlarni eng muhim masalalarga jalb etish, byudjet sarfi jarayoni ochiqligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Openbudjet” platformasi doirasida birgina Andijon viloyatining o‘zida hozirga qadar 400 ga yaqin muammo ijobiy hal etildi. Shu bois ham loyihaning ahamiyati, aholining unga bo‘lgan qiziqishi va ishonchi ortmoqda. 2021 yilda loyihada 2 ming 300 ga yaqin taklif ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yil o‘tgan davrida 2 ming 400 dan ortiq loyihaga ovoz berilmoqda. Hozirga qadar eng ko‘p ovoz olgan 40 dan ortiq loyiha mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi.
[gallery-9395]
– Loyihada mahallamizdagi 2,2 kilometr masofadagi ko‘chani asfaltlash taklifi bilan qatnashdik, – deydi Andijon shahridagi Pistamazor mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Oltinbek Ahmedov. – Fuqarolarimiz ovoz berish jarayonida faol ishtirok etdi. Taklifimiz eng ko‘p ovoz olgan takliflar qatoridan joy oldi. Mahallamiz ko‘chasini asfaltlash uchun 800 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Ayni kunda 2,5 ming nafardan ziyod aholi yashayotgan Pistamazor mahallasining Masjid oldi ko‘chasi Andijon Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi Avtomobil yo‘llaridan foydalanish davlat unitar korxonasi yo‘lsozlari tomonidan asfaltlandi.
“Tashabbusli byudjet” loyihasi orqali mahalladagi katta muammo ijobiy hal etilganligidan mahalla ahli behad mamnun.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA