“Tashabbusli byudjet” aholi manfaatiga xizmat qilmoqda
Buxoro viloyati Olot tumanida “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida “Muxtor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Tomjiq” arig‘i, shuningdek, Shayxlar mahallasidan o‘tgan “Oxunboboyev” arig‘ining to‘rt kilometr qismi va “Amu-Buxoro-1” kanalidan Otako‘l ko‘chasi bo‘ylab o‘tuvchi ariq o‘zanini betonlashtirish ishlariga kirishildi.
Bundan tashqari, aynan “Tashabbusli byudjet” loyihasiga binoan “Dilkor” mahalla fuqarolar yig‘inining Qo‘ng‘irot qishlog‘i ichki yo‘llarini asfaltlashtirish, ariqlarni betonlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. Bunyodkorlik ishlarini tez va soz olib borish maqsadida ariqlarga maxsus ekskavator va 50 dan ziyod ishchi kuchi jalb qilingan. Muhimi, bu kabi yangilanishlardan mahalliy aholi, tomorqa yer egalari, fermerlar jamoalari juda xursand.



Olis tumanda gidroinshootlar ta’miridan maqsad ekin yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ko‘zlangan hosil xirmonini barpo qilishdir. Hududda 501 gektar g‘alla, 860 gektar paxta maydonlarida joriy yilda sanoat uchun qimmatbaho xomashyo yetishtirilmoqda. Buning uchun barcha qulayliklar yaratilganligi “Oq po‘lat” kabi kanallar orqali unumdor yerdan barakali hosil yetishtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, bugunga kelib tumandan o‘tgan “Tayqir”, “Saribozor”, “Yangi Soyinko‘l” hamda “Chandir” kanallarida ham tuproq ishlari, o‘zanlarni tayyorlash va qazish, betonlashtirish ishlari yakuniy bosqichga kirgan.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.