Tashabbuskor yoshlar olimpiadasi boshlandi
Termiz shahridagi Prezident maktabining yangidan rekonstruksiya qilingan sport majmuasida “Besh tashabbus olimpiadasi” va “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining joriy yilgi mavsumiga start berildi.
Shu munosabat bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Surxondaryo viloyati sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchi yoshlar, o‘quvchilar ishtirok etdi. Shuningdek, hududiy studiyalar orqali tumanlardagi qatnashchilar ham tadbirni kuzatib turdi.



Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov keyingi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor yoshlarni har taraflama sog‘lom kamolga yetkazish hamda mamlakatimiz shuhratini dunyoga keng tarannum etishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Yoshlarga bu yilgi sport musobaqalari va tanlovlarda omad tilab, “Besh tashabbus olimpiadasi” va “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining viloyat bosqichini ochiq, deb e’lon qildi.



“Besh tashabbus olimpiadasi”ning o‘tgan yilgi mavsumida surxondaryolik yoshlar 15 ta oltin, 17 ta kumush va 7 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bellashuvlarning mamlakat bosqichlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan yoshlar mahallalarida 91 ta sport maydonchasi qurib berildi.
Tadbir yakunida harbiylar va yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri