Tashabbus va g‘oyalarni harakatga keltiraylik!
Bu borada nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni va ular amalga oshirayotgan innovatsion g‘oyalar juda muhim.
Muhtaram Prezidentimiz Oliy Majlisga qilgan tarixiy Murojaatnomada taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shartligini e’tirof etar ekan, “Xalqaro axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi” bo‘yicha yuqori pog‘onalarga ko‘tarilishimiz lozim ekanligiga alohida urg‘u berdi. Raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri ekanligi belgilab berildi.
Shuningdek, barcha oliy maqsadlarimizga ilmu fanni rivojlantirish, davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali erishishimiz mumkinligi to‘g‘risidagi bunyodkor g‘oya tarafdori ekanligimni yana bir bor e’tirof etmoqchiman.
O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashi va rivojlangan davlatlar qatorida bo‘lishi bugun mamlakatimizda amal qilayotgan yangi islohotlarga, odamlarning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan innovatsion yondashuvlarimizga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Bu borada nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni va ular amalga oshirayotgan innovatsion g‘oyalar juda muhim.
Ilm bilan innovatsiya uyg‘unligi g‘oyasi bir necha yillardan buyon qizg‘in va samarali faoliyat olib borayotgan Nodavlat notijorat tashkilotlarining aniq, manzilli, ilmiy-tadqiqot va ishlanmalariga ham mazmun bag‘ishlayapti.
Ko‘plab rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotida bo‘lgani singari biz oldimizga katta maqsadlarga erishish uchun jadal reformalar o‘tkazishimiz, bu borada innovatsion rivojlanishga asosiy e’tiborni qaratishimiz kerak. Bu tashabbuslarning bosh islohotchisi sifatida harakat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari katta mas’uliyatni zimmasiga oldi.
So‘ngi paytlarda muhandislik tarkibini yanada takomillashtirish evaziga nodavlat notijorat tashkilotlari jamiyatning integratsiyalashgan tashkilotiga aylanib ulgurdi. Endilikda biz e’tiborni yangi uslublarni amaliyotga tatbiq etishga qaratmog‘imiz kerak. Boisi, hozirgi zamon talabi shu. Raqamli iqtisodiyotga ehtiyoj sezilayotganligining sababi ham shunda. Inson kapitaliga talab kun sayin oshib borayotgan taraqqiyot va rivojlanish jarayonida taraqqiy etgan davlatlar bilan aynan shu yo‘nalishda hamkorlik qilishdan manfaatdormiz.
Buning uchun biz NNTlarning xalqaro tajriba maydonidan o‘rinni egallashiga asosiy e’tiborni qaratmog‘imiz kerak. Men insonni harakatga keltiradigan har qanday yaxshi tashabbus va yilt etgan yangi g‘oyani intellektual mahsulotga qiyoslayman. Bu esa ilm va harakat degani. Xuddi shu ilmiy salohiyat orqali jamiyat rivojiga to‘siq bo‘layotgan har qanday qiyin masalalarga osonlik bilan yechim topish mumkin.
Demak, intellektual resurslarimizning asosini inson va egallayotgan bilimlar jamlanmasi tashkil etadi. Iqtisodiy va ma’naviy rivojlanishning asosiy faktori ham aynan shu bebaho manbaga borib taqaladi. Iqtisodiyotning rivojlanish pallasida bilim strategik ahamiyatga ega. NNT bu borada jamiyat talabini o‘rganib har bir sohaning asosiy richagi sifatida raqamli iqtisodiyotni tatbiq etish tendensiyasini ilgari surmoqda. Davlat xususiy sherikchilik asoslari esa bu hamkorlikning boshida turadi.
Prezidentimizning shu oliy maqsadimizni amalga oshirish uchun jamoatchilik nazorati faoliyatiga keng imkoniyat yaratib berayotgani bejiz emas. NNTlar bundan keyin Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan o‘rnatilayotgan maqsadli hamkorlikda bu masalaga alohida yondashmoqda.
Prezidentimiz barchamizni aynan shu sohadagi bilimlarni mustahkamlash va jamiyatimiz hayotiga tatbiq etishga undayotgan ekan, birinchi galdagi vazifamiz har birimiz faoliyatimiz davomida innovatsion ishlanmalarni chuqur o‘rganish, rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, raqamli iqtisodiyotning cheksiz imkoniyatlaridan foydalanishda ko‘nikma hosil qilish.
Noodatiy innovatsion g‘oyalarni ro‘yobga chiqarishda esa ilmga, ma’rifatga suyanib, asosiy e’tiborni jamoatchilik institutlari va davlat o‘rtasida ko‘prik hosil qilishga qaratilgan yondashuvlar zarur. Xalqaro sinov tajribasidan o‘tgan bunday ishlanmalar bilan biz menejmentlik munosabatlarida yangicha qarash va shakllarni rejalashtirmoqdamiz. Nazarimda, innovatsion g‘oyalardan foydalanishda tashkilotlar tashabbus bilan chiqishi, mahalliy hokimiyatlar esa ilm va amaliyotning uyg‘unlashuviga ko‘maklashishga doim tayyor bo‘lishi kerak. Ilmiy tadqiqotlarni innovatsiyaga aylantirishda boshqa bir mamlakatlar uslubini aynan ko‘chirish emas, hududlar sharoiti va mintalitet talabidan kelib chiqib g‘oyalarni harakatga kiritish lozim, deb o‘ylayman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’biri bilan aytganda, xalqning o‘zidan fikr olib, keyin uni qonuniy mustahkamlash g‘oyasi amaliyotga ko‘chishi kerak.
Mamlakatimiz ijtimoiy siyosiy hayotida xalqchillik bilan amalga oshirilayotgan barcha ishlarda mana shunday dadil nazariya ilgari surilayotgan ekan, bu tashabbusli umumharakatda barchamizning ishtirokimiz bo‘lmog‘i kerak.
Rejalar ulkan istiqbolli intilishlar zamirida esa odamlar va ularning katta-kichik maqsadlari mujassam. Tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va yangi g‘oyalarni hayotga tatbiq etishda bugun faoliyat boshlagan xalq deputatlarining o‘rni va fidoiyliklari shuningdek, sizu bizning daxldorligimiz naqadar zarur.
Saodat Tursunboeva,
“Sharq Ayoli” Xalqaro ayollar jamoat fondi raisi,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi a’zosi,
Toshkent viloyat Kengashi deputati