Tashabbus oilalar daromadini oshirmoqda
Ezgu tashabbus
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi “Denov” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahodir Subhonov shaxsiy tashabbus ko‘rsatdi. U mahalladagi kam daromadli, ehtiyojmand 11 ta xonadonni aniqlab, ushbu xonadon egalari bandligini ta’minlash maqsadida 11 ta kichik inkubatsiyani bepul tarqatdi.
Mahalla sardori o‘z ichki imkoniyatlari hisobidan salkam 30 million so‘m mablag‘ sarfladi. Ezgu tashabbusga qo‘l urishi natijasida tadbirkorlik istagida bo‘lgan xonadon vakillarini mamnun qildi.
– Mahallamizdagi ehtiyojmand aholi bandligi bo‘yicha o‘z rejalarim bor, – deydi mahalla raisi Bahodir Subhonov. –Kelgusida yana bir qator ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanib, mahalladagi kam daromadli, ehtiyojmand aholining bandligini ta’minlashni rejalashtiryapman.
– Mahalla raisimiz tomonidan bepul inkubatsiya apparati berildi, – deydi mahallada yashovchi Umida Saidqulova. – Juda ham xursand bo‘ldik. Endi uyda inkubatsion jo‘jalarni ko‘paytirib daromad olamiz. Oilamizning iqtisodini tiklashda yordam beramiz.
Xullas, mahallada so‘nggi yillarda aholi turmush tarzi tobora yaxshilanib, oilalar farovonligi oshmoqda. Bu esa odamlarni o‘z hayotidan mamnun qilish sari qo‘yilayotgan qadamlarni qutlug‘ kelishiga mustahkam zamindir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.