Tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi rivojlanmoqda
“O‘zekspomarkaz”da IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi davom etmoqda.
“O‘zekspomarkaz”da IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi davom etmoqda.Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining ikkinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi, “O‘zqurilishmateriallari”, “O‘zavtosanoat”,“O‘zeltexsanoat”, “O‘zmontajmaxsusqurilish” aksiyadorlik kompaniyalari, “O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi korxonalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari korxonalarining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar milliy sanoatimiz salohiyatining izchil yuksalishiga, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmining o‘sishi va chakana savdo aylanmasining oshishiga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda yo‘l va transport-kommunikatsiya sohalarida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yurtimizning jahon bozoriga faol integratsiyalashuvi va hududlar infratuzilmasi rivojida alohida o‘rin tutmoqda. Avtomobil yo‘llarini qurish, ta’mirlash va ularni jahon andozalariga moslashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida so‘nggi yillarda qariyb 2 ming kilometr avtomobil yo‘li, xususan, O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi 1,5 ming kilometrlik yo‘l barpo etilgani tarmoqdagi ishlar ko‘lamidan dalolat beradi.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 6-martdagi “2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Qarorga asosan O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llari qismlari va umumiy foydalanishdagi yo‘llarni qurish hamda rekonstruksiya qilish, yo‘l tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, 2015-2019-yillarda qariyb 3 ming kilometr uzunlikdagi yo‘llarda qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Shu bilan birga, 4 ming kilometrdan ziyod xo‘jaliklararo yo‘llar, qariyb 2 ming kilometr shahar, qishloq va tuman ko‘chalari ta’mirlanishi, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash va saqlashni ta’minlaydigan mingga yaqin jihoz va yo‘l-qurilish texnikasini xarid qilish nazarda tutilgan.
– Kompaniyamiz tomonidan umumiy foydalanishdagi 42 ming kilometrdan ziyod avtomobil yo‘llariga xizmat ko‘rsatilmoqda, – deydi “O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi bosh mutaxassisi Alisher Davronov. – Jahon talablariga javob beradigan yo‘llar qurish va ta’mirlash ishlari izchil davom ettirilmoqda. Investitsiya dasturlariga asosan joriy yilda 376,1 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarini qurish va to‘liq ta’mirlash ko‘zda tutilgan. O‘tgan davr mobaynida 116,7 kilometrlik yo‘llar yangidan qurildi va rekonstruksiya qilindi, 34,9 kilometr yo‘l mukammal ta’mirlandi, 670 kilometr yo‘l joriy ta’mirdan chiqarildi. Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi tarmoq korxonalari va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi subyektlar vakillari bilan muloqotlar o‘tkazib, o‘zaro manfaatli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, biznes shartnomalari tuzish uchun katta imkoniyatdir. O‘tgan yilgi yarmarkada kompaniyamiz tizimidagi korxonalar tomonidan 103 milliard 400 million so‘mlik shartnomalar imzolagan edik. Bu galgi anjumanda 115 milliard so‘mlik shartnomalar tuzishni rejalashtirganmiz.
Iqtisodiyotimiz va uning yetakchi tarmoqlari, jumladan, elektrotexnika sanoati jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Prezidentimizning shu yil 4-martdagi 2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Hujjatga muvofiq sohada umumiy qiymati 268,5 million dollarlik 39 investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilayotir.
– Korxonamiz elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan O‘rta Osiyodagi yagona va eng yirik sanoat muassasasidir, – deydi “O'zelectroapparat Electroshield” qo‘shma korxonasining tijorat ishlari bo‘yicha direktori Sherzod Shukurov. – Ular orasida o‘rta va yuqori voltli komplekt moslamalar, ochiq konlar uchun yuqori voltli uskunalar, quvurlarni katodli himoya qilish texnologiyalari, kondensator qurilmalari, elektr apparatlari va elektromontaj mahsulotlari, dazmol va rozetkalar kabi xalq iste’mol tovarlari bor. Korxonamizda, shuningdek, metalldan ofis va tibbiyot muassasalari uchun turli hajm va rangdagi mebel jihozlari tayyorlanadi. Mahsulotlarimiz yuqori sifati, xalqaro talablarga javob berishi va raqobatdoshligi bilan ajralib turadi. Ular Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston kabi qator mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Qulay sarmoyaviy muhit, soliq va bojxona imtiyozlari korxonamizda ishlab chiqarish hajmini muttasil oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Asosiy maqsadimiz ana shu qulay imkoniyatlardan unumli foydalanib, xalqaro talablarga to‘la javob beradigan mahsulotlarimiz eksportini yanada oshirishdan iborat. O‘tgan yilgi kooperatsion birjada 210 milliard so‘mlik 102 shartnoma imzolagan edik. Joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni yanada oshirish niyatidamiz.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlarning eksport salohiyatini kengaytirish, ularga zamonaviy, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish va uni eksportga chiqarishda zarur huquqiy, moliyaviy va tashkiliy yordam ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.
– Atlas, adras, beqasam matolaridan milliy liboslar va aksessuarlar tikamiz, – deydi qashqadaryolik yakka tartibdagi tadbirkor Umida Fozilova. – Bugungi kunda milliy hunarmandlik turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli matolarimizdan tikilgan liboslar xalqaro miqyosda keng ommalashmoqda. Xususan, o‘tgan yilgi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida Xitoy, Hindiston, Rossiya kabi mamlakatlar firma va kompaniyalari bilan o‘nlab eksport shartnomalari imzoladik. Joriy yilda eksport jo‘g‘rofiyasini yanada kengaytirish niyatidamiz.
Iqtisodiyotimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish uchun puxta zamin yaratmoqda. Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida ko‘plab mamlakatlardan firma va kompaniyalar vakillari ishtirok etib, mamlakatimiz ishbilarmonlari bilan hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.
– Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi yuksak saviyada tashkil etilgan, – deydi Hindistonning “Shrinivas Dalls” kompaniyasi vakili Sant Kumar. – Anjumanda har bir ishtirokchiga o‘zini qiziqtirgan tarmoq haqida to‘la ma’lumot olish, hamkorlik yuzasidan muzokara o‘tkazish, bitim va shartnomalar tuzish uchun barcha qulaylik yaratilgan. Yurtingizda xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikda biznes yuritish uchun qulay sarmoyaviy muhit, zarur sharoit va imtiyozlar mavjud. Shu bois O‘zbekistonda sanoatning ko‘plab sohalarida faoliyat yurituvchi korxonalar bilan sheriklik aloqalarini o‘rnatish va mustahkamlash tarafdorimiz.
Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida samarali muloqotlar o‘tkazilib, shartnomalar imzolanmoqda.