Tarjimashunoslik fanining istiqbollari
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida O‘zbekiston tarjimashunoslarining forumi bo‘lib o‘tdi.
Qaror va ijro
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida O‘zbekiston tarjimashunoslarining forumi bo‘lib o‘tdi.
Milliy adabiyotning ajralmas qismi sanalgan tarjima asarlari yuz yillar davomida dunyo xalqlarning milliy madaniyati, an’analari, urf-odatlari, dunyoqarashi, hayotni anglash falsafasi, badiiy tafakkuri, qolaversa, yashash tarzi haqida tasavvur hosil qilishda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Globallashuv jarayonlari hayotimizning barcha jabhalarini egallab borayotgan, axborot almashinuvi kengaygan hozirgi davrda milliy adabiyotlarni asrash, ma’naviy qadriyatlarni e’zozlash va kelgusi avlodlarga yetkazish, shuningdek, adabiyot orqali xalqaro aloqalarni kuchaytirishga alohida e’tibor talab etilmoqda. Shu sababli ham bugun tarjimonlarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortmoqda. Millatning badiiy tafakkuri oynasi bo‘lmish adabiyotni xorijiy tillarga tarjima qilishga qaratilgan ishlarni keng miqyosda amalga oshirish kunning dolzarb masalalaridan biridir.
Mustaqillik yillarida badiiy tarjima vositasida dunyo adabiyoti namunalarining madaniy hayotimizga kirib kelishi mazkur sohaning rivojlanish bosqichiga o‘tganligidan dalolat beradi. O‘tgan qisqa tarixiy davr mobaynida o‘zbek adabiyoti namunalari xorijiy tillarga va xorijiy mamlakatlarda yaratilgan durdona asarlar ona tilimizga tarjima qilindi. Shu bilan birga tarjimashunoslikning ajralmas qismi bo‘lgan tarjima nazariyasi va tanqidi ham zamonaviy mazmun kasb eta boshladi.
Anjuman doirasida sho‘balarda ma’ruzalar tinglandi, muhokama qilindi, fikrlar bildirildi.
– Anjumanning davlat ilmiy-texnik dasturlari va respublika ilmiy-texnik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojidagi ahamiyati beqiyos, – deydi ToshDShI tarjimashunoslik kafedrasi mudiri Xayrulla Hamidov. – Unda ilm-fan taraqqiyoti jadal sur’atda o‘sayotgan bir davrda badiiy tarjima sohasida va tarjimashunoslikda o‘tgan yillarda erishilgan yutuqlarga bir bora nazar tashlandi, amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. O‘zbek tarjimashunosligining kelajak rejalari belgilab olindi. Badiiy tarjima, tarjima san’ati va tarjimashunoslikning dolzarb muammolari xususida olib boriladigan ilmiy bahslar, davra suhbatlarida respublikadagi turdosh institutlarning sharqshunos tarjimonlari o‘zaro tajriba va fikr almashishdi, ular o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlandi. Muhimi, ilmiy muomalaga kiritilmagan dolzarb mavzular aniqlanib, yangi tadqiqotlar uchun tavsiyalar ishlab chiqildi. Badiiy tarjima va tarjimashunoslik masalalari bilan shug‘ullanadigan respublikadagi oliy o‘quv yurtlari bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, sohaning dolzarb muammolari ustida ish olib borayotgan yosh olimlarning iqtidorini tarjimashunos olimlar nazaridan o‘tkazish kerak. Shu bilan birga yoshlarning ilmiy anjumanlarda ishtiroki, tajriba almashishini yo‘lga qo‘yish, o‘zbek va sharq xalqlari adabiyotini o‘zaro yaqinlashtirish, adabiyot namunalarini o‘zbek va sharq tillariga tarjima masalalari muhim.
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti jamoasi asosan 3 yo‘nalishda – xorijiy sharq mamlakatlari adabiyotini chuqur o‘rganish va o‘zbek tiliga tarjima qilish, o‘zbek adabiyoti durdonalarini xorijiy sharq tillariga tarjima qilish orqali milliy madaniyatimizni jahonga targ‘ib qilish hamda sharqshunos tarjimonlarni tayyorlashning ilmiy-uslubiy asoslarini mustahkamlash, tarjimashunoslikning nazariy masalalarini tadqiq qilish, yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalari yaratishda faol ishtirok etayapti.
Galdagi vazifa iste’dodli yoshlarni ilm degan sermashaqqat ishga jalb etish, bu masalaning yechimi bilan bog‘liq tashkiliy vazifalarni hal qilish ishini davom ettirishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi “Jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga hamda o‘zbek adabiyoti durdonalarini chet tillariga tarjima qilish va nashr etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni jadallashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Tarjimashunoslar forumi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tarjima nazariyasi va amaliyoti, tanqidi yo‘nalishlarida izlanishlar olib borayotgan professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, soha mutaxassislarining tajriba va fikr almashuvini ta’minlashga qaratilgan.
Forum doirasida institut olimlari tomonidan tayyorlangan “Ruscha sinxron tarjima terminlarining o‘zbekcha izohli lug‘ati” kitobi taqdimoti ham o‘tkazildi. Ushbu lug‘atda sinxron tarjima sohasiga oid mingga yaqin ruscha terminning o‘zbekcha muqobillari va izohlari berilgan. Lug‘at rus tilidagi turli manbalar, jumladan, tarjimashunoslik va tilshunoslik terminlarining ikki tilli va izohli lug‘atlari, o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy asarlardan olinib, o‘zbekchalashtirilgan va izohlangan. Kitobdan sof sinxron tarjima terminlaridan tashqari, tarjimashunoslik bilan bog‘liq boshqa atamalar ham o‘rin olgan.
Sinxron va ketma-ket tarjima qonuniyatlari va prinsiplari barcha tillar uchun mushtarak ekanligi hisobga olinsa, mazkur lug‘at og‘zaki tarjimaning sinxron turi bilan bog‘liq muammolar ustida ish olib borayotgan tadqiqotchi va soha mutaxassislari uchun ham foydalidir.