Tarjimashunosligimizda ustoz-shogird an’anasi yetishmayapti
Tarjima san’ati, avvalo, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishga ko‘maklashadi. Jahon adabiyotining nodir namunalarini o‘z tilimizga tarjima qilish orqali kitobxonlarni bu asarlardan bahramand etish ezgu ish, albatta.
Ammo o‘zbek adabiyotining sara asarlarini ham chet tillariga tarjima qilib, o‘zbek adabiyotini dunyoga tanitish mas’uliyati ham bor.
bugungi kunda o‘zbek tarjimashunoslari bu mas’uliyatli vazifani qay darajada bajarishmoqda? Yosh tarjimashunoslarni qiynayotgan muammolar nimalardan iborat?
Shu to‘g‘rida ayrim yosh tarjimonlarning fikrlari bilan qiziqdik.
Nodirabegim Ibrohimova, adiba, tarjimon:
- Tarjimonlik – qora mehnat, deb bejiz aytishmagan. Avvalo, tarjimon bo‘lish uchun insondan sabr talab qilinadi. Shuningdek, u yaxshigina kitobxon, tafakkuri boy, dunyoqarashi keng bo‘lishi lozim, o‘zi ham qalam tebratib turadigan ijodkor bo‘lsa yana yaxshi. Bilasizmi, bizda bu borada ustoz-shogirdlik an’anasida uzilish seziladi. Katta tarjimon darg‘alarimiz va yoshlar o‘rtasida ko‘prik yo‘q. Yoshlar badiiy tarjimonlik san’atini qayerda o‘rganishlari mumkin? Bu savol javobsiz, nazarimda. Menga ko‘plab yosh tarjimonlar murojaat qiladi, ular ilk bora qilgan tarjimalarini kimga ko‘rsatishni, qayerga yuborishni bilmaydi. Albatta, ilk mashqlar tahrirga, tuzatishlarga muhtoj bo‘ladi, ularni to‘g‘ri yo‘naltiradigan maslahatchilar juda as qotadi. Imkon qadar yo‘l- yo‘riq ko‘rsatishga harakat qilaman.
Adabiy nashrlarimiz tarjima asarlarni chop etib kelmoqda. Ammo gonorar berish tizimi oqsaydi. Men tanigan aksar tarjimonlar azbaroyi adabiyotga mehri tufayli o‘zlariga yoqqan asarlarni tarjima qilib kelishmoqda, biroq mehnatlariga yarasha haq olishmaydi. Davlat nashriyotlari tarjima asarlarni olmayapti, ular faqat buyurtmaga ishlashyapti. “O‘zbekiston” nashriyotiga bergan tarjima asarlarimni ular o‘z hisobidan chop etolmasligini bildirishgach, xususiy nashriyotlarga berishga majbur bo‘ldim.
O‘zbek yosh yozuvchilari ham asta sekin jahonga chiqishmoqda. Panmediya davrida ayniqsa bu jarayonda rivojlanish sezildi. Rus, turk, ozar, ispan, xitoy, ukrain, hind tillariga o‘girilmoqda hikoyalarimiz. O‘z o‘rnida jahondagi zamondosh ijodkorlarning ham hikoya va she’rlarini o‘zbek tiliga o‘giryapmiz. Men ko‘proq xalq yozuvchilarimiz, Qodiriydan tortib Nazar Eshonqul, Oybekdan tortib Zulfiya Qurolboy qizi kabi yozuvchilarimizning hikoyalari chet tillariga o‘girilib, dunyoning turli nuqtalarida horijiy tillarda chop etilishini istardim.
Internet rivojlangan hozirgi paytda horijiy nashrlarni topish, aloqaga chiqish va chop etish qiyin emas, ammo yana mavzu qalam haqi masalasiga borib taqaladi. Masalan, bir necha hafta o‘tirib Tog‘ay Murodning bir hikoyasini chet tiliga tarjima qilsam yoki horijlik tarjimonlarni topib ularni ispan yo xitoy tiliga o‘girtirsak, buning uchun kim qalam haqi beradi? Bizda o‘zbek adabiyotini chet elga targ‘ib qiluvchilarni moddiy-ma’naviy qo‘llovchi tashkilot bormi? Yaponlar Murakamini targ‘ib qilish uchun qancha e’tibor ajratishadi, masalan. Bizdayam undan kam bo‘lmagan adiblar bor-ku, nega ularning jahon maydoniga chiqishi uchun harakat qilinmaydi?
Tarjimonlar fondi ochilsa va yosh tarjimonlar o‘zbek adabiyotini horijga targ‘ib qilishi uchun qo‘llab borilsa, qanchadan qancha ishlar qilish mumkin. Til biladigan, tarjimonlikka qo‘li kelib qolgan yoshlar judayam ko‘p. Ular tarjimonlik kasbidan yaxshi daromad topa boshlasa, qancha yaxshi asarlarni tarjima qilishmaydi, deysiz. Sportchilarga, san’atkorlarga berilayotgan e’tibordan bir chimdim tarjimonlarga ham ajratilsa, o‘zbek adabiyoti bir necha yildayoq jahon adabiy muhitida o‘z o‘rniga ega bo‘lardi. Men kuzatdim, ummon ortidagi o‘qirmanlar o‘z tillariga o‘girilgan o‘zbek yozuvchilarining hikoyalariga yaxshi baho berishyapti, iliq fikrlar yozishmoqda. Ammo bular juda sanoqli. Katta romanlar bilan ham jahonga chiqish kerak. Shuningdek, albatta badiiy tarjima maktabini shakllantirish, ustoz-shogirdlik an’analarini qaytarish, mohir tarjimonlar master- klasslarini o‘tkazish kerak. Yuqoridagi omillar amalga oshishi yosh tarjimonlarning kelajakda bu sohani tashlab ketmasliklarida katta rol o‘ynaydi.
Sherzod Ortiqov, yozuvchi, tarjimon:
- Hozirgi kunga kelib o‘zbek adabiyoti badiiy tarjimasining saviyasi ham, sifati ham ancha tushib ketdi. Bu, birinchi navbatda, oxirgi yillarda yurtimiz bo‘ylab paydo bo‘lgan va faoliyat yuritishni boshlagan yangi xususiy nashriyotlar bilan bog‘liq. Ular xorijiy tildagi badiiy va non-fikshn asarlarni tarjima qildirib, nashr qildirishyapti. Tarjimalarini ko‘rsangiz matnning g‘alizligidan, hatto u yerdagi zamon fe’llarining chalkashtirilganidan hayratga tushasiz. Chunki o‘sha tarjimonlar yosh va tajribasiz. Hatto, talaba ko‘pi. Kechirasiz-u, xorijiy tillar fakultetida o‘qiyapti, ingliz yoki olmon tilini biladi, degani bu hali badiiy tarjimon degani emas. Badiiy tarjimon bo‘lish uchun avvalo o‘zbek va jahon adabiyotini, filologiyani chuqur bilmoq kerak. Qolaversa, hayotiy tajriba ham bo‘lishi kerak. Biror bir xorij yozuvchisining katta romanini hali g‘o‘r go‘daklarga tarjima uchun topshirib qo‘yish qanchalik to‘g‘ri.
Keyingi paytlarda kuzatyapman, bizda o‘zbek tarjimachilik maktabi oxirgi yillarga kelib ancha oqsab qoldi. Ibrohim G‘ofurov, Asil Rashidov, Olim Otaxon, Nizom Komil, Qodir Mirmuhammedov kabi ustoz-tarjimonlar asos solgan va shakllantirgan bu maktabning munosib va faol davomchilari ko‘zga tashlanmayapti. Yoshlar orasida badiiy tarjima avj olgan, qiziqish katta, lekin ularga professionallik va bilim, shuningdek, keng dunyoqarash yetishmayapti. Aytaylik, ular ingliz yoki Lotin Amerikasidan biror bir adibni tarjima qilishyapti, lekin o‘sha yurt haqida, uning urf-odatlari haqida deyarli ma’lumotga ega emas. Bunday sharoitda ular asar muallifining ruhiyatiga qanday qilib tushadi? Tarjimalari asliyat bilan solishtirganda sifatsiz chiqmaydimi?
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA