Tarixiy tashrif: O‘zbekiston va Serbiya munosabatlarida yangi davr boshlandi
Jahon xaritasida mintaqalararo aloqalar va geoiqtisodiy muvozanat qayta shakllanayotgan bir davrda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiya Respublikasiga amalga oshirgan oliy darajadagi ilk rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning mutlaqo yangi, strategik sahifasini ochib berdi.
Xususan, O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida strategik sheriklikning o‘rnatilishi Markaziy Osiyo hamda Bolqon mintaqasini bog‘lovchi yangi geoiqtisodiy ko‘prikka asos soldi. Bu hamkorlik rasmiy Toshkent uchun Yevropa bozorlariga chiquvchi muqobil tranzit yo‘laklarini shakllantirish, agrosektor, farmatsevtika va sanoatga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish hamda Belgraddagi “EXPO – 2027” xalqaro platformasi orqali milliy manfaatlarni faol ilgari surishda strategik ahamiyatga ega.
O‘z navbatida, bu yaqinlashuv ikki mintaqaga o‘zaro savdo va sanoat zanjirlarini diversifikatsiya qilish, tartibli mehnat mobilligini ta’minlash, “O‘rta yo‘lak” singari muhim transport arteriyalarini rivojlantirish hamda madaniy-gumanitar aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish orqali har ikki tomon uchun barqaror iqtisodiy o‘sish va strategik muvozanatni ham taqdim etadi.

Jumladan, ikki kunlik tashrif davomida O‘zbekiston va Serbiya prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich o‘rtasidagi yuzma-yuz hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralar do‘stona va o‘zaro ishonch ruhida o‘tdi. Muzokaralarning eng asosiy va tarixiy voqeasi – Prezidentlar tomonidan Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishi bo‘ldi. Bu hujjat ikki mamlakat o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni eng yuqori darajaga ko‘targan poydevorga aylanadi. Bundan tashqari, kelgusida diplomatik vakolatxonalarning ochilishi, Parlamentlararo forumning tashkil etilishi hamda 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan sanoatda sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasining qabul qilinishi ikki tomonlama munosabatlarga katta turtki beradi.
Qolaversa, ikki mamlakat yetakchilari savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni hamkorlikning mustahkam poydevori deb baholadilar. Muzokaralar asnosida Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzish, standartlashtirish sohasida hamkorlik qilish va o‘zaro ko‘rgazmalar tashkil etishga kelishib olindi. Quvonarlisi, 2027-yilda Belgradda bo‘lib o‘tadigan “EXPO – 2027” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston o‘zining milliy paviloni bilan faol ishtirok etadi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari huzurida iqtisodiyot va infratuzilmaga oid qator salmoqli hujjatlar almashildi. Ular orasida avtomobil va temir yo‘l infratuzilmasi, “O‘rta yo‘lak”ni qo‘llab-quvvatlash, qishloq va suv xo‘jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, “yashil” texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energetika hamda farmatsevtika, biotexnologiyalar, axborot-kommunikatsiya va raqamlashtirish, bojxona ishlari va iqtisodiy diplomatiya bo‘yicha hamkorlik kabi bitimlar mavjud.
Shuningdek, tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Serbiya biznes-forumi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishga xizmat qildi. Tadbirda 200 nafardan ziyod rasmiy va biznes vakillari, jumladan, Serbiyaning “Galenika”, “AbelaPharm”, “Gosa FOM”, “YUMCO”, “Luss Textile” kabi gigant kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Shu bilan birga, ikki tomonlama do‘stlik va anglashuvning yorqin ifodasi sifatida Belgrad ko‘chalaridan biriga “Toshkent” nomi berildi. Bu qaror xalqlarimiz o‘rtasidagi mehr-oqibat rishtalarining ramziga aylandi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Serbiyaning oliy davlat mukofoti – Serbiya Respublikasi ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgani ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajaga ko‘tarilganining yana bir yorqin e’tirofi bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu tarixiy tashrif shunchaki kelishuvlar to‘plami emas, balki O‘zbekiston va Serbiyaning uzoq istiqbolga mo‘ljallangan geoiqtisodiy strategiyalari tutashgan nuqta bo‘ldi. Ikki mamlakat manfaatlari va infratuzilmalarining birlashishi Markaziy Osiyo hamda Bolqon mintaqalarini bog‘lovchi barqaror logistik va sanoat zanjirlarini shakllantiradi. Bu esa yangi global iqtisodiy tartibotda har ikki davlatning tranzit va investitsiyaviy jozibadorligi, shuningdek, geosiyosiy barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat,
sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA