Tarixiy haqiqatga xolisona yondashuv
Aslida, dinni fanga, fanni dinga qarama-qarshi qoʻyish notoʻgʻri.
Samarqand davlat universiteti rektori, professor R. Xolmurodovning “Tamaddun daryosi hamon oqmoqda ravon” sarlavhali maqolasida ilm-fan va madaniyatimiz tarixining teran ildizlariga xolisona yondashilgan.
Shoʻro davrida oliy taʼlim Oʻzbekistonda 1918-yili tashkil topgan deb (dastlab bu 1920-yil tashkil topgan deb), hozirgi Oʻzbekiston milliy universitetini toʻngʻich oliy oʻquv yurti sifatida qayd etildi. Bundan, oʻzbek xalqi asrlar davomida savodsiz boʻlib, 1918-yili sovet hokimiyati tufayligina universitet – oliy taʼlim muassasasiga ega boʻlgan, degan xato qarash kelib chiqar edi.
Xuddi shuningdek, Samarqand davlat universiteti sovet hokimiyati yillarida tashkil topdi va unga qadar bu hududda oliy taʼlim muassasasi boʻlmagan, deyish ham tarixni buzib koʻrsatishdan boshqa narsa emas... Chunki Samarqand davlat universiteti deb rasman eʼtirof etilguniga qadar Samarqand oliy taʼlim maktabi bor boʻlib, buni haqli ravishda 1420-yilda Mirzo Ulugʻbekning madrasayi oliyasi bilan bogʻlash haqiqatga yuz tutish hisoblanadi.
Rektor maqolasida zikr etilganidek, Mirzo Ulugʻbek madrasasida nafaqat islom taʼlimoti, balki aniq va tabiiy, ijtimoiy fanlar ham chuqur oʻqitilgan. Aslida, dinni fanga, fanni dinga qarama-qarshi qoʻyish notoʻgʻri. Haqiqatan, Yevropa universitetlarida ham diniy va dunyoviy taʼlimot olib borilgan. Sharqda, xususan, madrasalarda berilgan bilim natijasi oʻlaroq, nafaqat islom dunyosida taniqli allomalar, balki aniq va tabiiy fanlar boʻyicha ham yorqin yulduzlar yetishib chiqqan.
Bugungi kunda mustaqil Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalari orasida oʻz oʻrniga ega boʻlgan Samarqand davlat universititetining 18 mingdan ortiq talabaga 900 dan ziyod professor-oʻqituvchilar taʼlim-tarbiya berib kelayotganligi muhim ahamiyatga ega. Universitet tarixini Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasiga bogʻlash ajdodlarimizga boʻlgan ehtirom, yurtimizda azaldan ilmu fanga eʼtibor boʻlib kelganiga tarixiy dalolat boʻla oladi.
Abdulla RASULOV,
Namangan davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori