Tarix, madaniyat va do‘stlikni birlashtirgan uchrashuv
Buxoro shahrida arxiv ishi sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish hamda xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan nufuzli tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Tatariston Respublikasi Arxiv ishi bo‘yicha Davlat qo‘mitasi raisi Gulnara Gabdraxmanova boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Mazkur tashrif nafaqat arxiv sohasidagi hamkorlik, balki tarixiy xotirani asrash va millatlararo do‘stlikni mustahkamlash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Tashrif doirasida Buxoro shahridagi NNT va Do‘stlik uyida joylashgan Tatar milliy-madaniy markazi Buxoro viloyati bo‘limida amaliy uchrashuvlar, muloqotlar va madaniy tadbirlar tashkil etildi. Ayniqsa, “Oila tarixida asrlar sadosi – Tarixta bez ezlebez” mavzusidagi davra suhbati ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ushbu uchrashuvning asosiy maqsadi oila shajarasini o‘rganish, avlodlar izchilligini saqlash, milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish va turli millat vakillari o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston fuqarolari, Tatariston Respublikasi aholisi bilan qarindoshlik rishtalari mavjud bo‘lgan oilalar hamda yurtimizda faoliyat yuritayotgan tatar diasporasi vakillari ushbu tashabbuslarda faol ishtirok etdi.
Tadbir doirasida boy madaniy dastur ham namoyish etildi. Tatar va tojik milliy-madaniy markazlari tomonidan tayyorlangan milliy qo‘shiq va raqslar, an’anaviy liboslar namoyishi qatnashchilarda iliq taassurot qoldirdi. Shuningdek, milliy shirinliklar va taomlar ko‘rgazmasi orqali xalqlarning o‘ziga xos madaniy merosi keng namoyon etildi.
Uchrashuvlar jarayonida arxiv sohasida raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, hujjatlarni saqlash, sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi. Tomonlar kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va tajriba sinovlarini tashkil etish yuzasidan fikr almashdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday muloqotlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, tarixiy merosni asrab-avaylash hamda uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.
Buxoro viloyati davlat arxivida “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov hamda Tatariston Respublikasi Arxiv ishi bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Gulnara Gabdraxmanova o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni aks ettiruvchi arxiv hujjatlari nusxalarini o‘zaro almashish marosimi tashkil etildi. Mazkur hujjatlar ikki hudud o‘rtasidagi madaniy, ijtimoiy va tarixiy munosabatlarni yoritishda muhim manba hisoblanadi.
Tomonlar arxiv sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashish hamda tarixiy merosni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish masalalarini muhokama qildi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, arxiv sohasi bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
[gallery-28919]
Shuningdek, “Shajara (genealogiya)” mavzusiga bag‘ishlangan qo‘shma davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar nasl-nasabni o‘rganish, genealogik tadqiqotlarni rivojlantirish, arxiv hujjatlarining bu boradagi o‘rni va ahamiyati haqida fikr almashdi. Shuningdek, shajara tuzishning zamonaviy usullari, arxiv materiallaridan samarali foydalanish hamda raqamlashtirish jarayonlarining ahamiyati muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolari Buxoro viloyati Kogon shahar davlat arxivida ham bo‘ldi. Mazkur tashrif arxiv sohasi bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va kelgusidagi qo‘shma loyihalar uchun muhim zamin yaratadi.
Shuningdek, mehmonlar ko‘hna va boqiy Buxoroning betakror tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari va madaniy merosi bilan yaqindan tanishib, shaharning boy tarixi va zamonaviy taraqqiyotiga yuksak baho berdi.
Mazkur uchrashuv arxiv sohasidagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish va umumiy tarixiy merosni asrash yo‘lida muhim qadam sifatida e’tirof etildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari