Tariqatning yetti piri: Xoja Ali Romitaniy (+video)
"Azizon" taxallusi bilan mashhur bo‘lgan Xoja Ali Romitaniy quddisu sirrihu (Alloh sirrini muqaddas qilsin) hijriy 588, milodiy 1191-yilda Buxoroning Romitan tumanidagi Qo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan.
U kishining shamoyili o‘rta bo‘yli, ko‘rkam sifatlarga ega bo‘lgan, nuroniy yuzli shaxs edi. Ali Romitaniy faqirlik yo‘lini tanlagan, mato to‘qish bilan shug‘ullanar edi. Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy hazratlarining xizmatini ixlos bilan qilgan eng sadoqatli, ulug‘ xalifalaridan edi.
Tasavvuf ahli orasida "Azizon" taxallusi bilan mashhur bo‘lgan Ali Romitaniy Romitanda bir necha yil xalqni irshod etadi, keyin Bovard (Abivard)ga ko‘chib boradi, u yerda ham muridlar yetishtiradi. Nihoyat, Xorazmga ko‘chib borib, u yerda muqim istiqomat qiladi.
"Rashahot ayn ul-hayot" va "Hazarot ul-quds" asarlarida yozilishicha, Xoja Ali Romitaniy Xorazmda yashash uchun hukmdordan yozma ruxsatnoma oladi. U har kuni mardikor bozoriga borar, bir-ikki ishchini uyiga olib kelib, ularga din va tasavvufdan saboq berar, kech kirganda haqqini berib, ketkazar edi. Lekin Xoja Ali Romitaniyning suhbatini bir marta eshitgan odam yana kelaverar edi. Shu asnoda tez fursatda muridlari ko‘payib ketdi.
Xoja Ali Romitaniy hazratlari adib va shoir ham edi. Hikmatlarga to‘la forscha she’rlar bitgan. "Tarixi nazm-u nasr" asari muallifi Said Nafisiyning qayd etishicha, Xoja Ali Romitaniyning "Mahbub ul-orifin" nomli asari bor.
Yurtboshimizning 2018-yil fevral oyida Buxoro viloyatiga qilgan tashriflari chog‘ida Yetti pir ziyoratgohini obodonlashtirish tashabbuslari bilan chiqqanlari va shu jumladan Romitan tumani Azizon MFY O‘ba qishlog‘i hududida joylashgan “Xoja Ali Romitaniy” ziyoratgohida qurilish va ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Ziyoratgohning umumiy yer maydoni bir gektarni tashkil etadi.
Hozirgi kunga qadar uch gumbazlik yangi kirish darvozasi, hovuz, balandligi 16 metrli minor, Hazrat Ali Romitaniy qabrlari ustiga maqbara, erkak va ayollar uchun tahoratxona, kutubxona, qurib bitkazildi. Ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida yo‘llar ta’mirlanib, mehmonlar uchun avtoturargoh ham tashkil qilindi. Xoja Ali Romitaniy ziyoratgohida jome’ masjid bo‘lib, ushbu masjid 2004 yil hashar yo‘li bilan qurilgan. Masjid binosi uch tomonlama ayvon bilan o‘ralgan bo‘lib, hozirgi kunda ushbu masjidda juma namozlarida olti yuzdan ortiqroq namozxonlar ibodatlarini ado etib kelmoqdalar. Masjid bir yuz oltmish kishiga mo‘ljallangan.
<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/iGQKMAY9aE0" title="Tariqatning yetti piri: Xoja Ali Romitaniy" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ziyoratgohning yonida 43 kishilik yangi zamonaviy "Qo‘rg‘on" mehmonxonasi mavjud. Ziyoratgoh chashmasi (quduq) ta’mirlanib, o‘zgacha qiyofa aks etdi. Azizon ziyoratgohida yuzdan ortiq manzarali ko‘chatlar, turfa xil gullar ziyoratgohning chiroyiga chiroy qo‘shmoqda. Xoja Ali Romitaniy ziyoratgohi qarshisida to‘rt ming yillik tarixga ega Afrosiyob qurdirgan Romitan qo‘rg‘oni (qal’a) mavjud. Ushbu ziyoratgohga tashrif buyuruvchilar ziyorat asnosida qadimiy qal’ani ham tomosha qilib kelmoqdalar.
M.Turdaliyeva, I.Ismatov (video), O‘zA