Taraqqiyotning ravon yo‘llari
Almati-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz avtomobil yo‘lining 168 kilometri Jizzax viloyati hududidan o‘tgan. Ushbu masofada 2011–2015-yillarda infratuzilmani, taransport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish davlat dasturi asosida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar nafaqat yo‘l, balki butun hududning qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi.
Prezidentimizning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish borasidagi ishlar natijasida 116 kilometrdan iborat ikki polosali yo‘l kengaytirilib, to‘rt polosali qilib qayta qurilgani, bu esa ushbu yo‘llarda qatnovni 3 barobar oshirish imkonini bergani ta’kidlandi. Mazkur to‘rt polosali yo‘lning 28 kilometri Jizzax viloyati hududida barpo etildi.
Almati-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz avtomobil yo‘lining 168 kilometri Jizzax viloyati hududidan o‘tgan. Ushbu masofada 2011–2015-yillarda infratuzilmani, taransport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish davlat dasturi asosida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar nafaqat yo‘l, balki butun hududning qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi.
Katta-kichik dovonlar, soylar, qiyalik va keskin burilishlar orqali o‘tadigan bu yo‘l yaqin yillargacha avtomobil eng past tezlik bilan harakatlanadigan masofa hisoblanardi. Davlat dasturi asosida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi, yo‘l o‘tkazgichlar, ko‘priklar barpo etilishi natijasida avtomashinalar harakatiga xalaqit beradigan to‘siqlar bartaraf etildi.
O‘zbek milliy avtomagistralining bunday keng va ravon holga keltirilishi oson kechgani yo‘q, albatta. Jahon avtosanoat taraqqiyoti, avtomashinalarning tezligi va og‘irligiga moslab, avvalgidek ikki qator emas, to‘rt avtomobil bemalol harakatlanadigan yo‘lni barpo etishga katta kuch va mablag‘ sarflanayotir. 2014-yilda avtomagistralning viloyatdan o‘tgan qismida 25 milliard 900 million so‘mlikdan ziyod qurilish ishlari bajarildi.
– O‘tgan yili respublika milliy avtomagistralining viloyat hududidagi 28 kilometrlik masofasida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi, – deydi “O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasining “Jizzaxavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Xoliqov. – Avtomagistralning G‘allaorol tumani hududidan o‘tgan qismida sel kelish xavfi hisobga olinib, 8 kilomertlik yo‘l yerdan 87 santimetr baland ko‘tarildi. Loyihaga muvofiq yo‘lni oqova suvlardan himoyalash uchun qoplamaning pastki qismiga maxsus drenaj quvurlar yotqizildi.
Yo‘l deyarli bir metr qalinlikdagi tosh, temir-beton, asfalt qoplama, sizot suv o‘tkazuvchi drenajlar, piyodalar yo‘laklari va boshqa infratuzilmalar bilan barpo etildi. Tog‘li hududdan o‘tgan yo‘lni bir xil tekislikka keltirib barpo etish katta mehnat va mablag‘ talab etadi.
Bu ishni muvaffaqiyatli bajarishda Prezidentimiz rahnamoligida yo‘l qurilishi industriyasini rivojlantirish, yo‘l qurilishi va undan foydalanish tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tibor muhim omil bo‘layotir. Jumladan, 2014-yilda “Jizzaxavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish boshqarmasi 8 turdagi 35 zamonaviy texnika bilan ta’minlandi.
Mazkur yo‘l yirik qurilishlarda katta malaka orttirgan, qudratli yo‘lsozlik texnikalariga ega korxonalarning hamkorlikdagi mehnati evaziga turli rusumdagi yengil va yuk avtomobillari bemalol harakatlanadigan zamonaviy avtomagistralga aylantirilmoqda.
– Bugungi kunda o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy mashinalarni boshqarayotgan yoshlar bu yo‘llarning avvalgi holatini mutlaqo bilmaydi, – deydi Baxmal tumani Qora qishlog‘ida yashovchi 80 yoshli Juman ota Nurimov. – Butun umrini shu sohada mehnat qilish bilan o‘tkazgan odam sifatida shuni aytamanki, bunday ulkan bunyodkorlik ishlarini avval tasavvurimga ham sig‘dira olmas edim. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarini bog‘laydigan birgina ushbu yo‘lda amalga oshirilgan ishlar mustaqil Vatanimiz qudrati, xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin namoyonidir.
Bu ishlar nafaqat yo‘lning yangilanishi, balki yo‘l infratuzilmasi barpo etilishi, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir. Zamonaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan servis xizmati ko‘rsatish inshootlarida yo‘lovchilar, avtotransport vositalariga safar davomida zurur bo‘ladigan barcha xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Keyingi besh yilda O‘zbekiston milliy avtomagistralining viloyat hududidan o‘tgan qismi bo‘ylab, maxsus loyiha asosida avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, avariya- chaqiruv, tibbiy hamda texnik xizmat ko‘rsatish punktlarining barpo etilgani yo‘lovchilarga katta qulaylik yaratayotir.
Ayni paytda mahalliy avtomobil yo‘llarida ham katta hajmda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotir. O‘tgan yili manzilli dastur asosida 196 kilometr mahalliy yo‘lda ta’mirlash ishlari bajarildi.
Bu boradagi ishlar 2015-yilda ham izchil davom ettirilib, yurtimiz obodligining muhim belgisi bo‘lgan yo‘llarimiz tobora soz va ravon bo‘lib borayotir.