Taraqqiyotning muhim omili
Milliy matbuot markazida «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.«Qishloq qurilish bank» boshqaruvi raisining o‘rinbosari A.Murodov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida joriy yilning o‘tgan davrida 21,4 mingta yangi kichik biznes subyekti tashkil etilib, ularning sanoatdagi ulushi 34,6 foiz, bandlikni ta’minlashda 77,5 foizga yetganini ta’kidladi.
42 filial, 233 bank shoxobchasi orqali 550 mingdan ziyod mijozga bank xizmatlarini ko‘rsatib kelayotgan «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
2015-yilning to‘qqiz oyida bank tomonidan kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga 490,3 milliard so‘m kreditlar, jumladan, mikrokreditlarga 135,9 milliard so‘m ajratildi. Raqobatbardosh iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, ichki iste’mol bozorini boyitish, yangi korxonalar ochish hamda mavjudlarini modernizatsiyalash, texnologik qayta jihozlashga yo‘naltirilgan kreditlar miqdori 195,3 milliard so‘mni tashkil etdi.
Xotin-qizlarni biznes faoliyatiga keng jalb etish, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish maqsadida 61,3 milliard so‘mlik kreditlar ajratilgan bo‘lsa, 15,7 milliard so‘m hajmidagi kreditlar kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari biznes-loyihalarini moliyalashtirishga qaratildi. 23,6 milliard so‘mlik kreditlar oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Iqtisodiyotning real sektori korxonalari faoliyatini kengaytirish, texnik va texnologik yangilash, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlashga 348,8 milliard so‘mdan ziyod investitsiya yo‘naltirildi.
Investitsiya loyihalarini moliyalashtirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijasida sanoatda 107,9 milliard, qishloq xo‘jaligida 15,1 milliard, transport-kommunikatsiya tarmog‘ida 50,1 milliard, qurilishda 34,4 milliard, ijtimoiy sohada 117,9 milliard hamda moddiy-texnik ta’minot va maishiy xizmat ko‘rsatishda 30 milliard so‘mlik loyihalarga investitsiya kreditlari ajratildi.
Respublika hududlarini 2013-2015-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiq 813 loyihaga ajratilgan 71,8 milliard so‘mlik kreditlar hisobiga 6482 yangi ish o‘rni yaratildi.
Tadbirda aholining namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash hamda yosh oilalar uchun «Kamolot» uylari qurish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi. Jurnalistlarning savollariga bank mutasaddilari javob qaytardi.