Tarag‘ayliklar hayotidan bir lavha
Tarag‘ay qishlog‘i Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining tog‘li qismida joylashgan. Tarixiy manbalarda ushbu qishloqning kelib chiqishi sohibqiron Amir Temurning otasi Bahodir Tarag‘ay nomi bilan bog‘liqligi yoziladi.
Masalan, qishloqning yuqori qismidagi soy bo‘yida ulkan xarsang tosh bor. Uni mahalliy aholi farmon tosh deb ataydi. Aytishlaricha, sohibqiron yigitlik chog‘laridagi harbiy mashqlarda shu tosh ustida turib farmon va topshiriqlar bergan ekan. Mazkur tosh bugun dunyo olimlarini ham qiziqishini oshirgan bo‘lib, sayyohlar uni ko‘rish va o‘rganish uchun tez-tez Tarag‘ayga kelib turishadi. Tarag‘ay mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritayotgan Mahmadiyor Nurmatovning ta’kidlashicha, bu xarsang toshning farmon tosh ekanligini fransiyalik tarixchi olimlar manbalar asosida qidirib kelib topishgan. Shundan so‘nggina bu toshning qimmatli tarixiy yodgorlik ekanligi aniqlangan.
Xullas, Tarag‘ayda sohibqiron bilan bog‘liq yodgorliklarni ko‘plab uchratish mumkin. Ularning ko‘pchiligi haqida ilgari ham ko‘p va xo‘p yozilgan. Ammo bu gal ushbu qishloqning mehnatkash va omilkor dehqonlari haqida hikoya qilmoqchimiz. Qishloq viqorli tog‘ etagida joylashgan bo‘lishiga qaramay dehqonchilik uchun suv doimiy muammo bo‘lib kelgan. Lekin qalovini topsang changalda sho‘rva deganidek tarag‘aylik dehqonlar buloq suvlarini tejab ishlatish orqali dehqonchilikda yaxshigina natijaga erishmoqda.
Masalan, shu qishloqlik Ahmad Rajabov kredit mablag‘i evaziga 4 sotix yerda mo‘’jaz issiqxona tashkil qilib, oila a’zolarini ish bilan ta’minlagan. To‘g‘ri, bugun issiqxona biznesi yangilik emas. Ammo toshloq tog‘ sharoitida yerlarni o‘pirib, toshdan tozalab, yangi yer ochib, issiqxona qurish anchayin mashaqqatli ish. Tog‘da bir qarich yer ham oltinga teng, bilsangiz.
– Ochig‘ini aytish kerak boshida issiqxona qurib, undan foyda olishimizga ko‘zimiz yetmadi, – deydi Ahmad Rajabov. – Lekin nimadir qilmasak ham bo‘lmaydi. 4 o‘g‘il, ikki kelinim, nabiralar bor. Xullas tavakkal qilib o‘tgan yil 60 million so‘m bankdan kredit olib ishni boshladik. Boshlanishiga har xil ko‘katlar ekdik. Joriy yilning yanvar oyidan boshlab ko‘chatchilik bilan shug‘ullandik. 10 ming donadan ziyod bodring, pomidor, bulg‘or qalampiri ko‘chatlarini yetishtirdik. Issiqxonaga ekkanimizdan ortiqchasini mahalladoshlarga sotdik. Birinchi hosildan 5 tonnadan ziyod bodring oldik. Yeganimizdan tashqari, qolgani ro‘zg‘orga daromad. Mana hozir ham bodring ekib qo‘yibmiz. Yonidan ikki qator limon va apelsin ko‘chatlarini ham ekkanmiz. Nasib etsa oktyabr oyidan boshlab sotamiz. Ancha o‘rganib qoldik. Hozirda yana 4 sotix issiqxonani qurib tayyorlab qo‘ydik. Bundan tashqari, 40 sotix maydonda lalmi uzumzorimiz ham bor. Uzumlarni yarmini mayiz qilamiz, qolgani yangi uzib sotiladi.
[gallery-8547]
Oila boshlig‘i sifatida Ahmad aka barcha farzandlarini qo‘l ostida birlashtirib, xalq tili bilan aytganda mushtni bir yerga urib dehqonchilik qilib, mo‘maygina daromad topib farovon turmush kechirmoqda. Shu qishloqdagi Umrzoq Bozorov ham qishloqning eng tajribali dehqonlaridan. Yuqorida aytganimiz kabi tog‘ sharoitida issiqxona tashkil etish va undan daromad manbai yaratish uchun sabr va mashaqqatli mehnat kerak bo‘ladi. Qolaversa suv chiqmaydigan adirda olib borilgan har bir tomchi suvning qadri nihoyatda baland. Buning ham imkonini topayotgan tog‘lik bog‘bonlar va dehqonlar tomchilatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘ygani e’tiborimizni tortdi.
Baland tepalik, quruqshab yotgan yerda uzunligi chamasi 100 metr, chuqurligi 2,5 metrlik transheya (yerni qazib issiqxona qurish) qazilgan. Ularning har biriga 40 tubdan 120 tup limon va apelsin daraxtlari ekilgan. Rosti, tog‘da bu kabi sitrus mevalarni yetishtirilganiga ishonish qiyin. Biroq Umrzoq aka transheya usulida sitrus mevalari yetishtirishni uddasidan chiqdi.
– Ilgari bu yerda lalmi tokzorimiz bor edi, – deydi Umrzoq Bozorov. – Keyingi yillarda suvsizlik oqibatida samaradorligi ancha pasayib qoldi. Ko‘p o‘ylab limonariya qilishga qaror qildim. Nasos yordamida salkam 300 metr masofadan suv keltirdik. Boisi limonchilik bo‘yicha anchagina tajribamiz bor. Bundan 5 yil ilgari hovlimizda 2 sotix maydonda transheya usulida limonariya tashkil qilganmiz va bugungi kunda limonlarimiz baravj hosilga kirgan. Shuning uchun hech ikkilanmay bu ishga qo‘l urdik. Endi qish-qirovli kunlargacha issiqxonani ustini yopib olsak bo‘lgani.
Bog‘bonning hovlisini aylanib, hayratda qoldik. Tomorqada limondan tashqari 30 yillik 200 tup anor, 10 tubdan ziyod yong‘oq, 50 tupdan ziyod har turdagi tok ko‘chatlarini ko‘rish mumkin. Eng muhimi ularning hammasi shig‘il-shig‘il hosil solgan. Bundan tashqari ona sovliqlar dalada bo‘lsa kerak 20 boshdan ziyod qo‘zi. 5-6 bosh burdoqiga boqilayotgan yirik shoxli chorva mollari bor.
– Sir bo‘lmasa, bog‘dorchilikdan qancha daromad olasiz, so‘raymiz undan.
– Endi mehnatimizga yarashada, shukr daromad yomon emas, – deydi iymanibgina U.Bozorov. – Anorni o‘zidan 30-35 million daromad qilamiz, mijozlarni o‘zi uyimizdan olib ketishadi. Biror joyda ishlamaymiz. Dehqonchilik ortidan to‘y-hasham qildik, farzandlarni o‘qityapmiz, mashina olyapmiz.
– Qarasam hovlida o‘zingiz va xoladan boshqa hech kim ko‘rinmaydi, buncha ishga qanday qilib ulgurasiz?
– Robotmiz, uka, – deydi kulib bog‘bon. – Suyagimiz mehnatda qotgan. Kun yorishmasdan turib, ketmonni yelkaga tashlab, boqqa sho‘ng‘iymiz. Ta’til paytlari bolalar yordam qilishadi. Anor ko‘mish ishlarini hasharchiga qildiramiz. Qolganini xolangiz bilan ikkalamiz eplaymizda.
Ha, tog‘ odamlari mavsumda erta tongdan mehnatga kirishadi. Quyoshni ham birinchi qarshi olishadi. Tog‘larda bahor va yoz fasli qisqa bo‘ladi. Fursat kutib turmaydi. Sovuq kunlar tezda kirib keladi. Shuning uchun barcha ishlarga ulgurib qolish kerak. Bahor va yoz oylarida qilingan mashaqqatli mehnat rohatini 5-6 oy davom etadigan qish faslida ko‘rishadi. Mazza qilib umrguzaronlik qilishadi. Hatto ish qolib ketadi, deya to‘y ham qilishmaydi mavsumda.
Mana shunaqa gaplar, izlagan imkon topadi deyishadi. Bugun tarag‘ayliklar nafaqat imkon topishyapti, balki mehnati ortidan ro‘zg‘orini to‘kin, hayotini mazmunga to‘ldiryapti. Bu esa ularning bugunidan minnatdor bo‘lib yashashlarida, mehnatlari mevasidan bahramand bo‘lishlariga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.