Tarag‘ay qishlog‘i sayyohlarni o‘ziga chorlaydi
Tarag‘ay qishlog‘i Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining purviqor tog‘lar bag‘rida joylashgan eng so‘lim go‘shalaridan biri.
Buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temurning otasi Tarag‘ay Bahodir nomi bilan bog‘liq ushbu manzil temuriylar davriga xos bo‘lgan tarixiy yodgorliklarga boy. “Tarag‘ay g‘ori”, “Dunyotepa”, “Farmontosh” yodgorliklari shular jumlasidandir. Ushbu yodgorliklar o‘zining tarixiy sir-sinoatlarga boyligi bilan har qanday sayyohni bee’tibor qoldirmaydi.
Bu hudud nafaqat temuriylar davriga xos obidalarga boyligi bilan, balki so‘lim va betakror tabiati, purviqor tog‘lari, zilol suvli buloq va jilg‘alari bilan ham mashhur.
Shu bois ushbu qishloqda ikkinchi bor “Tarag‘ay bahori” festivali ko‘tarinki ruhda nishonlandi. “Dunyotepa” bag‘ridagi ko‘rkam bog‘da nishonlangan festival barchaga xushnudlik ulashdi.
– Tarag‘ay qishlog‘ida ochiq osmon ostida o‘tgan, o‘zida milliy qadriyatlarni aks ettirgan festival xalqimizni juda xushnud etdi, – deydi Chiroqchi tumanidagi 125-maktab direktori Rustam Abdiyev. – Festivalda Chiroqchining ko‘hna tarixidan sado beruvchi muzey eksponatlari, milliy hunarmandchilik namunalari ko‘rgazmasi, milliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan xalq o‘yinlari, milliy taomlar namoyishi (gastroturizm) festival qatnashchilarida nihoyatda iliq taassurot qoldirdi. Xalq mazza qilib, madaniy hordiq chiqardi.
Tarag‘ay qishlog‘i haqida aytadigan bo‘lsak, bu qishloq tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan bo‘lib, havosi toza, tabiati go‘zal, o‘simlik dunyosi boy qadimiy qishloq. “Tarag‘ay bahori” festivalining aynan ona tabiat qo‘ynida shu qishloqda o‘tkazilishi yurtimizda ham mana shunday jannatmakon manzillar borligini jamoatchilikka ko‘rsatish va shu orqali ekoturizmni rivojlantirishdir.
Darhaqiqat, Tarag‘ay qishlog‘idagi tog‘ yonbag‘riga temuriylar davriga xos o‘tovlar tikildi. Milliy hunarmandchilik va milliy taomlar ko‘rgazmalari tashkil qilindi. O‘rtaga sahna qurildi. Bir tomonda milliy kurash musobaqasi boshlandi. Festivalga nafaqat Chiroqchi tumanidan, balki butun viloyatdan minglab aholi vakillari tomoshaga keldi.
O‘tovlarni bir-bir ko‘zdan kechirar ekanmiz, milliy taomlar ko‘rgazmasi e’tiborimizni tortdi. O‘tovdagi ishtirokchilardan birini suhbatga chorladik.
– Momolarimiz tayyorlagan milliy taomlarning dovrug‘i qadim-qadimlarda ham tillarda doston bo‘lgan, – deydi Mavluda Abdurahmonova. – Qatlama patir, yupqa, g‘ilmindi, qotirma, toshpatir va hokazo. Bugungi festivalga ham ulardan namunalar tayyorlab keldik. Ayniqsa, oshqovoqda uyitilgan qattiq ta’mi ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Momolarimiz qo‘li gul pazanda bo‘lgan va biz buni bugungi yosh qizlarimizga, kelinlarimizga o‘rgatishimiz kerak.
O‘tovlar yonida namoyish etilgan milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi ham festival ishtirokchilarini befarq qoldirmadi. Tabiiy jundan hech bir bo‘yoqlarsiz tayyorlangan gilamlar, milliy kashtachilik namunalari, ularga solingan naqshlar –barcha-barchasida hikmat bor.
– Gilamchilik va kashtachilik momomeros hunar menga, – deydi hunarmand Dilfo‘za Mo‘minova. – Tabiiy jo‘ndan gilamlar to‘qiymiz. O‘quv markaz tashkil qilib, shogirdlar tayyorlayapmiz. Zardo‘zlik, qubbachilik, milliy kashtachilik mahsulotlari tayyorlaymiz. Bu kabi festivallarning tashkil etilishi biz hunarmandlar uchun ham juda ahamiyatli. Boisi festivalga tashrif buyurgan sayyohlar mahsulotlarimiz bilan tanishadi, xarid qiladi.
[gallery-17771]
El suygan san’atkorlar ishtirokidagi kuy-qo‘shiqlar, “Chiroqchi chiroqlari” kabi folklor jamoalarining chiqishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
– Ikkinchi bor nishonlanayotgan ushbu festivalda milliylik yo‘g‘rilgan ijod namunalarimiz bilan ishtirok etmoqdamiz, – deydi “Chiroqchi chiroqlari” folklor jamoasi rahbari Qo‘chqor Qurbonov. – Albatta ushbu milliy qo‘shiqlar qadimiy urf-odatlarimiz, an’analarimiz haqida darak berib turadi. Bu kabi festivallarning ko‘proq bo‘lishi unga tashrif buyuruvchi sayyohlarda ham katta taassurot qoldiradi.
Tushdan keyin boshlangan festival xalq sayli ko‘rinishida yarim tungacha davom etdi va moviy osmonni yoritgan mushakbozlik bilan yakunlandi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/6mmZjcaGR00?si=1_1i_wS983RGbj9a" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari