Tanzila Norboyeva: Kambag‘allikni qisqartirish raqamlarni emas, balki insonning hayotini o‘zgartirishdir
Senatning o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida ma’ruza qilgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimiz Mustaqillik bayrami tantanasidagi nutqida ta’kidlagan muhim fikrga alohida urg‘u berdi: mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri, uning huquq va erkinliklari, munosib hayot kechirishi uchun yaratilgan imkoniyatlarda namoyon bo‘lmoqda.
So‘nggi o‘n yilda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning zamirida ham ana shu ezgu maqsad – inson qadrini yuksaltirish, aholi farovonligini oshirish va har bir oilaning munosib daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash g‘oyasi mujassam.
– Yurtimizda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 4 foizga tushdi, – dedi T. Norboyeva. – Buning ortida shunchaki ehtiyojmandlarga moddiy yordam tarqatilgani, ishsizlar ish bilan ta’minlangani yoki tadbirkorlarga kredit ajratilgani emas, balki natijaning ortida mahalla, ko‘cha va kerak bo‘lsa, xonadonbay yondashuv asosida amalga oshirilgan tizimli va tinimsiz mehnat, qat’iyat va talabchanlik, ijtimoiy adolat va mehr-muruvvat kabi muhim omillar turibdi.
Darhaqiqat, yil boshiga nisbatan ehtiyojmand aholi sonining 2,2 milliondan 1,5 millionga kamaygani, 49 tuman va qariyb 3,5 ming mahallaning ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylanib borayotgani mazkur yondashuvning amaliy samarasi yaqqol namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbari konkret loyihalar va aniq natijalar asosida yil yakuniga qadar 350 ming nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash, yana 1 million nafar aholining daromadini oshirish hamda 230 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha aniq mexanizmlar berdi. Bunda asosiy vakolat va resurslarni tuman darajasiga tushirish, ehtiyojmand aholini Ijtimoiy reyestrga kiritish mezonlarini qayta ko‘rib chiqish, bola parvarishi bilan band ota-onalarning mehnat qilishi va daromad topishi uchun mahallaning o‘zida qulay sharoitlar yaratish kabi chora-tadbirlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Kambag‘allikni qisqartirish bilan bog‘liq jarayonlarga deyarli barcha davlat va jamoat tashkilotlari safarbar etilgani ta’kidlandi. Jumladan, bu jarayonda Senat a’zolari ham faol ishtirok etmoqda. Senat Raisi Navoiy viloyatida, undan avvalroq Xorazm viloyatida bo‘lib, mahalliy kengashlar bilan hamkorlikda ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish masalasi bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rib chiqdi. Ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, mahallalarning ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi ustidan samarali deputatlik va jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishning yangi mexanizmlari joriy etildi.
Bu jarayonda, eng avvalo, aholi bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, yangi tizimning maqsad va vazifalarini, uning har bir oila uchun qanday imkoniyatlar yaratishini sodda va tushunarli tarzda keng tushuntirish muhimligi yalpi majlisda ta’kidlab o‘tildi. Parlament va deputatlik nazoratining ta’sirchan mexanizmlari – deputatlik so‘rovlari, parlament va mahalliy kengash eshituvlari, joylardagi o‘rganishlar orqali kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi tizim asosida amalga oshirilayotgan ishlar holatini muntazam ravishda o‘rganib boriladi.
– Biroq nazoratning o‘zi bilan cheklanib qolmaslik kerak. Nazoratning asosiy maqsadi – kamchilikni aniqlash emas, balki uning sababini ochish, tizimli muammolarga yechim topish va mas’ullar bilan birgalikda natijaga erishishdir. Zero, kambag‘allikni qisqartirish – bu raqamlarni o‘zgartirish emas, balki insonning hayotini o‘zgartirish, oilaning ertangi kuniga ishonchini mustahkamlash, farzandlar uchun munosib kelajak yaratish demak. Shu ma’noda, har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson taqdiriga e’tibor bilan yondashish, berilgan imkoniyatlarni aniq natijaga aylantirish – barchamizning umumiy mas’uliyatimiz, – dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA