Tantanali qasamyod qilishdi
Inson hayotida shunday unutilmas lahzalar bo‘ladiki, ular nafaqat uning taqdirida, balki butun kelgusi faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Yosh yigitning harbiy qasamyod qabul qilishi ana shunday sharafli va mas’uliyatli onlardan biridir.
Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi Mirzaobod tumanida joylashgan Safarbarlik chaqiruv rezervi batalionida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yosh askarlarning “Vatanga qasamyod” qabul qilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi.


Tantanali tadbirda Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi vakillari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi mas’ullari, Guliston harbiy prokuraturasi xodimlari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, nuroniylar, harbiy xizmatchilarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Maydonda saf tortgan yosh askarlar uchun bu kun oddiy marosim emas, balki Vatan taqdiri va xalq ishonchi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishning huquqiy va ma’naviy ifodasi bo‘ldi. Ular O‘zbekiston Respublikasi, xalqimiz va harbiy burchlariga sodiq qolishga tantanali ravishda qasamyod qilishdi. Qasamyod so‘zlari yangragan onlarda askarlar ko‘zlarida faxr va mas’uliyat tuyg‘usi, ota-onalar chehrasida esa iftixor hissi namoyon bo‘ldi.


Tadbirning amaliy qismi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Yosh harbiy xizmatchilar qo‘l jangi usullari, saf tayyorgarligi elementlari hamda qurol bilan muomala qilish bo‘yicha egallagan ko‘nikmalarini namoyish etdilar. AK-74 avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar harbiy tayyorgarlikning amaliy natijalarini yaqqol ko‘rsatdi. Ayniqsa, ko‘zi bog‘langan holda qurolni tez va aniq yig‘ish bo‘yicha bajarilgan mashqlar ishtirokchilarning qiziqishi va olqishiga sabab bo‘ldi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar tomonidan Vatan madhiga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Musiqa va harbiy intizom uyg‘unlashgan ushbu chiqishlar tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, ishtirokchilar qalbida yurtga muhabbat va fidoyilik tuyg‘ularini kuchaytirdi.


Bugun mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni jismonan baquvvat, ma’nan yetuk va yuksak mas’uliyat tuyg‘usiga ega shaxslar etib voyaga yetkazish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ana shunday tadbirlar orqali yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, muqaddas burchga sadoqat va milliy armiyamizga hurmat tuyg‘ulari mustahkamlanmoqda.
“Vatanga qasamyod” marosimi har bir askar uchun sharaf va mas’uliyat maktabi hisoblanadi. Bu kun ularning qalblarida Vatan himoyachisi degan yuksak nomga munosib bo‘lish yo‘lidagi dastlabki muhim qadam sifatida muhrlanib qoladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri