Tanlovlar orqali yangi iqtidorlar kashf etilmoqda
Davlat rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan “Turon” maktab teatri, “Iqtidor” maktab ansambli tanlovlari yoshlarning aktyorlik, musiqa, kitobxonlikka qiziqishini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Birgina Buxoro viloyatining o‘zida “Turon” maktab teatri tanlovi 2500 nafarga yaqin, “Iqtidor ansambli” tanlovi esa 3000 nafardan ortiq o‘quvchini qamrab olgani bu jarayonning ko‘lami va ta’sir doirasini yaqqol namoyon etadi. Joriy yilda o‘tkazilgan ushbu tanlovlarning respublika bosqichida buxorolik o‘quvchilar munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etdi.
“Iqtidor” maktab ansambli tanlovida G‘ijduvon tumanidagi 46-maktab o‘quvchilaridan iborat “Yosh havaskorlar” jamoasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, “Turon” maktab teatri tanlovida Kogon shahridagi 3-umumta’lim maktabining “Elegant” jamoasi 3-o‘rinni egalladi.

– 8 nafar musiqaga ixlosmand o‘quvchilarni birlashtirgan jamoamiz tanlovning dastlabki bosqichidanoq izlanishga jiddiy yondashdik, – deydi “Yosh havaskorlar” jamoasining musiqa rahbari Dilmurod Fatullayev. – Ijobiy raqobat muhiti ularni o‘z ustilarida ishlashga, izlanishga va musiqiy qobiliyatlarini to‘laqonli namoyish etishga undadi. Avval tuman, keyin viloyat bosqichida erishilgan g‘oliblik o‘quvchilarimiz mahoratini, tajribasini oshirish bilan bir qatorda o‘ziga bo‘lgan ishonchini ham mustahkamlab bordi.
– “Turon” maktab teatri – bir yil ichida o‘quvchilarimizni haqiqiy aktyorlarga aylantirdi, – deydi Kogon shahridagi 3-maktab direktori Gulnora Najmiddinova. – Ularning yurish-turishlari, gap-so‘zlari, sahnada o‘zlarini tutishlariga qarab turib, tanlovning o‘quvchilar ma’naviyatiga qanchalar katta ta’sir ko‘rsatganini anglash qiyin emas. Eng asosiysi, ular san’at, sahna qanchalar muqaddas ekanligini dildan anglab yetdi.

Bundan tashqari, tayyorgarlik jarayonida o‘nlab kitoblarni mutolaa qilishdi, jadidlar hayotini o‘rganishdi. Sahnada taniqli ma’rifatparvar, Qorako‘l matematika maktabi asoschisi bo‘lgan To‘xtamurod Jumayevning murakkab hayoti aks etgan “Zamonamiz Avloniysi” sahna asarini olib chiqish uchun ustoz yashagan davr muhiti, oilasi, do‘stlari bilan yaqindan tanishib, haqiqiy ma’rifatparvar, vatanparvar inson qanday bo‘lishi kerakligini his qildi.
2025 yil 30 iyun kuni davlatimiz rahbari yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvda ushbu ijodiy tanlovlarni yanada keng qamrovli qilish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Endilikda tanlov g‘oliblari chekka hududlardagi maktablarga borib, tengdoshlari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Bu maqsadda viloyat hokimliklari tomonidan jamoalarga maxsus avtobuslar ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, tanlov g‘oliblari uchun madaniyat va san’at oliygohlariga kirishda imtiyozlar, “Iqtidor ansambli”ning viloyat bosqichi g‘oliblari uchun esa bolalar va musiqa maktablarida bepul tahsil olish imkoniyatlari yaratildi.
Bu kabi tanlovlar nafaqat iqtidorlarni kashf etish, balki yurtimizdagi har bir bolaning ruhiy, ma’naviy va ijodiy kamolotiga xizmat qiladi. Ular ijtimoiy faol, bilimdon, san’at va madaniyatga hurmat bilan qaraydigan avlodni voyaga yetkazishga zamin yaratmoqda.
Sahnada porlayotgan yosh iste’dodlar ortida ularga ishongan ustozlar, ota-onalar va eng avvalo, davlat siyosatidagi insonparvar yondashuv bor.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.