Tanlov yoshlar orzulariga qanot bag‘ishlamoqda
Yangi O‘zbekistonda yoshlarning kasb-hunar egallashi, zamonaviy mutaxassis sifatida shakllanishi va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kasbiy ta’lim tizimi tubdan takomillashtirilib, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, mehnat bozori talablariga mos malakali mutaxassislar tayyorlash ustuvor vazifaga aylandi. Bu yo‘nalishda tashkil etilayotgan nufuzli tanlovlar yoshlarning iste’dodi va mahoratini namoyon etish bilan birga, ularning kelajakda munosib kasb egasi sifatida yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Ana shunday muhim loyihalardan biri — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari – 20262 kasbiy mahorat milliy tanlovining respublika bosqichi Buxoro shahrida yuqori saviyada start oldi.
Tanlovning respublika (uchinchi) bosqichida “Quruq qurilish va suvoq ishlari” hamda “Oshpazlik ishi” yo‘nalishlari bo‘yicha mamlakatimizning eng iqtidorli yoshlari o‘zaro bellashmoqda.
“Quruq qurilish va suvoq ishlari” yo‘nalishidagi musobaqalar Olimpiya zaxiralari kolleji binosida, “Oshpazlik ishi” yo‘nalishidagi bahslar esa Buxoro shahar 1-son texnikumida bir vaqtning o‘zida boshlandi.

Tanlov maydonlari zamonaviy talablar asosida jihozlanib, ishtirokchilar uchun teng va shaffof raqobat muhiti yaratildi.
Bu yilgi respublika bosqichida “Quruq qurilish va suvoq ishlari” yo‘nalishida 51 nafar, “Oshpazlik ishi” bo‘yicha esa 67 nafar yosh ishtirok etmoqda. Jami 118 nafar iqtidorli yigit-qiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahri nomidan ishtirok etmoqda.

Ular bu bosqichga osonlikcha yetib kelgani yo‘q. Har biri avval tuman (shahar), so‘ngra viloyat bosqichlarida eng yaxshi natijalarni qayd etib, respublika finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan. Ishtirokchilar bilan birga ularning amaliyot ustozlari ham musobaqada qatnashib, yoshlarning mahorati ortida ustoz mehnati va tajribasi mujassam ekanini yana bir bor namoyon etishmoqda.
Tanlovning eng muhim jihatlaridan biri — baholash tizimining xalqaro talablar asosida tashkil etilganidir. Barcha ishlar “WorldSkills” xalqaro standartlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan malakali ekspertlar tomonidan baholanmoqda. Shaffoflik va xolislikni ta’minlash maqsadida mustaqil apellyatsiya komissiyasi ham faoliyat yuritmoqda. Bu esa har bir ishtirokchining mehnati adolatli baholanishiga xizmat qiladi.

G‘oliblarni esa nafaqat yuksak e’tirof, balki salmoqli rag‘bat ham kutmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, respublika bosqichida 1-o‘rin (oltin medal) sohibi BHMning 20 baravari, uning amaliyot ustozi esa 100 baravari, 2-o‘rin (kumush medal) sohibi BHMning 15 baravari, ustozi 80 baravari, 3-o‘rin (bronza medal) sohibi BHMning 10 baravari, ustozi esa 60 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Eng muhimi, respublika bosqichi g‘oliblari mamlakatimiz terma jamoasi tarkibida “WorldSkills International” xalqaro chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritadi.
Bu bilan imkoniyatlar cheklanmaydi. Agar yosh mutaxassis xalqaro chempionatda g‘oliblikni qo‘lga kiritsa, unga bazaviy hisoblash miqdorining 2500 baravari, ya’ni 1 milliard 30 million so‘m, uni tayyorlagan amaliyot ustoziga esa 185 million 400 ming so‘m miqdorida pul mukofoti taqdim etiladi. Bu mamlakatimizda mehnat, iqtidor va kasbiy mahoratiga berilayotgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasidir.

Prezidentning 2025-yil 23-oktabrdagi PQ–316-sonli qarori asosida yo‘lga qo‘yilgan mazkur milliy tanlov yoshlarning kasb-hunarga qiziqishini kuchaytirish, o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, shuningdek, ularning ichki va tashqi mehnat bozorida yuqori daromadli ish o‘rinlarini egallash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Buxoroda o‘tayotgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari – 2026” tanlovi shunchaki musobaqa emas, balki yuksak mahorat, intilish va kelajakka ishonch maydonidir. Bu yerda har bir ishtirokchi nafaqat g‘oliblik uchun, balki o‘z orzusi, kasbi va Vatan kelajagi uchun kurashmoqda. Bugun ustaxona va oshxonada mahoratini namoyon etayotgan bu yoshlar ertangi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltiruvchi, xalqaro maydonlarda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘taruvchi haqiqiy bunyodkorlarga aylanishi shubhasiz. Buxoro esa yana bir bor iqtidorlar kamol topadigan, orzular haqiqatga aylanadigan maskan ekanini amalda namoyon etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri