Tanlov g‘oliblari aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Ijtimoiy himoya agentligi viloyat boshqarmalari hamkorligida inklyuziv ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda rag‘batlantirish maqsadida Andijon shahridagi “Imkoniyatlar olami” markazida “Yilning eng faol maxsus pedagogi” respublika ko‘rik-tanlovining Andijon viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlovda tuman, shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 16 nafar pedagog ishtirok etdi.
– Umumta’lim maktablarining inklyuziv ta’lim sinflarida faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglar ishtirok etgan tanlov qiziqarli, ishtirokchilarning faolligida o‘tdi. Tanlovda o‘qituvchilarning kasbiy mahorati, ish jarayonlariga ijodiy yondashuvi, pedagogik salohiyati hamda bolalar bilan ishlash ko‘nikmalari baholandi, – deydi viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Inklyuziv va uy ta’limini muvofiqlashtirish sho‘’basi rahbari Shohidaxon Yunusova.
Ishtirokchilar korreksion-rivojlantiruvchi mashg‘ulot o‘tkazish, inklyuziv ta’lim jarayonida qo‘llayotgan zamonaviy usul va yondashuvlarni namoyish etish, “Mening pedagogik faoliyatim” mavzusidagi taqdimot hamda maxsus pedagogika oid “Savol-javob” shartlari asosida o‘zlarining bilim va salohiyatlarini namoyish etdi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Oltinko‘l tumanidagi 13-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Muattar Jo‘rayeva birinchi o‘ringa sazovor bo‘lib, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘rin Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 50-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Zarnigor Rasulovaga, uchinchi o‘rin Xo‘jaobod tumanidagi 74-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Maftuna Zaynobiddinovaga nasib etdi.
[gallery-29658]
G‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),O‘zA