Ta’limning dolzarb muammolari ko‘rib chiqilmoqda
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ta’lim sohasidagi islohotlarni birgalikda amalga oshirish, mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida o‘quvchilarning kuzgi ta’til davrida “Ustoz – ta’lim bunyodkori” shiori ostida turli o‘quvlar, tadbirlar va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Bunday tadbirlar Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida bo‘lib o‘tayotir. Jumladan, boshlang‘ich ta’lim, aniq fanlar, tabiiy fanlar, ona tili va adabiyoti fanlaridan seminar-trening va davra suhbatlari uyushtirildi.
–Mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Ustoz – ta’lim bunyodkori” shiori ostida seminar- treninglar tashkil etilmoqda, –deydi Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonov.
[gallery-14459]
– Tadbirlarda qatnashib, o‘z yo‘nalishimiz bo‘yicha ko‘plab yangi ma’lumotlar bilan tanishdik, –deydi Peshku tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning kimyo fani o‘qituvchisi Gulbahor Ahmedova. – Ayniqsa, loyihaga asoslangan ta’lim yuzasidan ko‘nikmalarga ega bo‘ldik. Mavjud muammolar va ularni bartaraf etish borasida o‘z takliflarimizni ham bildirdik.
Seminar-treninglar davomida ishtirokchilar o‘quvchilarni fanlarga qiziqtirish yo‘llari, loyihaga asoslangan ta’limning mohiyati, o‘qish savodxonligi va fanlar doirasida 4K modelini qo‘llash, XXI asrda sifatli o‘qitishning asosiy tamoyillari yuzasidan muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbiri