Ta’limni rivojlantirishda hamkorlik muhim
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta’limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Memorandumga ko‘ra, endilikda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqishda, ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish, innovatsion va texnologik g‘oyalarni rivojlantirish, shuningdek, ilmiy salohiyatni oshirish, ilmiy loyihalarni hamkorlikda bajarish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish belgilandi.

– Hozirgi kunda tezlik bilan rivojlanib borayotgan barcha sohalarda, shu jumladan, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishda ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro samarali hamkorlik talab etilmoqda, – deydi IIV Malaka oshirish instituti boshlig‘i, polkovnik Olimjon Ahmedov.
– Professional ta’lim tizimi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan ushbu ta’lim muassasasi bilan o‘rnatilayotgan hamkorlik yo‘nalishlari keng qirralidir.

Jumladan, innovatsion pedagogik va axborot texnologiyalarini ishlab chiqishni tashkil etish, o‘qitishning zamonaviy shakllari va usullarini o‘quv jarayoniga joriy etishda metodik yordam ko‘rsatish, axborot texnologiyalari, psixologik xizmat sohasida, pedagogik mahoratni oshirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha tajriba almashish maqsadida uslubiy hamkorlikni tashkil etish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini hamkorlikda bajarish, ta’lim sohasida pedagogik-psixologik muammolar bo‘yicha tashkil etiladigan seminar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlarida ishtirok etish, masofaviy ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, ochiq dars va master klasslar tashkil etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik amalga oshiriladi.
– IIV Malaka oshirish instituti bilan hamkorlik biz uchun ham muhim, – deydi Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta’limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti direktori, iqtisod fanlari doktori, professor Zayniddin Xudoyberdiyev.

– O‘zaro hamkorlik memorandumiga asosan, o‘qitishning zamonaviy innovatsion shakl va usullari, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, o‘quv jarayoniga malakali mutaxassislarni jalb qilish, normativ-huquqiy, metodik va tahliliy xususiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlarni almashish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, o‘quv, ilmiy va boshqa adabiyotlarni almashish kabilar amalga oshiriladi.
Shuningdek, ikkala ta’lim muassasalari rahbarlari kelgusida memorandumda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldi.
Tadbir doirasida IIV Malaka oshirish institutining bir qator professor-o‘qituvchilari ta’lim muassasasi faoliyatini takomillashtirish, professional ta’lim muassasalari kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonini innovatsion yondashuv asosida tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdilar.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA