Ta’limga sarmoya ortib bormoqda: soha xizmatlari hajmi 14,5 trillion so‘mdan oshdi
O‘zbekistonda ta’lim sohasi iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Yangi ta’lim muassasalarining tashkil etilishi, xususiy sektor ishtirokining kengayishi hamda aholining sifatli ta’limga bo‘lgan talabi ortishi natijasida sohada xizmatlar ko‘rsatish hajmi sezilarli o‘smoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida mamlakatda ta’lim xizmatlari hajmi 14,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,6 foizga ko‘p.
Ta’lim xizmatlari tarkibida oliy ta’lim muassasalari yetakchilik qilib, umumiy hajmning 43,3 foizini ta’minlagan. Bu esa mamlakatda oliy ta’limga bo‘lgan qiziqish va talab yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, ta’lim xizmatlari hajmi 7,5 trillion so‘mga yetgan. Keyingi o‘rinlarda Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlari qayd etilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ta’lim sohasidagi bunday o‘sish inson kapitaliga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hajmi ortib borayotganidan dalolat beradi. Bu esa, o‘z navbatida mamlakatning raqobatbardosh kadrlar salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA