Ta’limdagi islohotlar tuman hokimi nazoratida
Prezidentimiz raisligida joriy yil 5 aprel kuni xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani hokimi O‘tkirbek Shukurov ta’lim muassasalari rahbarlari bilan uchrashdi.
Ayni kunda Xo‘jaobod tumanida 31 ta umumta’lim, 3 ta ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi, 1 ta davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati, 3 ta maxsus maktab faoliyat yuritmoqda. Mazkur muassasalarda 21 ming 185 nafar o‘quvchiga 1 ming 855 nafar pedagog ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Uchrashuvda tuman hokimi maktablarda ta’lim sifatini oshirish, ma’naviy muhitni tubdan yaxshilash, kiyinish, kitobxonlik madaniyatini, o‘quvchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yutuqlar va mavjud kamchiliklar xususida atroflicha so‘z yuritdi.
[gallery-6514]
– Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, biz rahbarlar, muallimlar farzandlarimizni davr talabiga mos o‘qitishimiz kerak, – deydi tuman hokimi O‘tkirbek Shukurov. – Ana shu mas’uliyatni his etgan holda ta’lim sifatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, kelajagimiz egalarini bilimli, yuksak salohiyatli qilib tarbiyalash uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz.
Shuningdek, muloqotda tuman ta’lim tizimiga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish yuzasidan ham taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Uchrashuvda tizimda olib borilayotgan ishlar, xato va kamchiliklar yuzasidan har hafta yakuni bo‘yicha tahliliy uchrashuv o‘tkazib borish belgilandi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA