Ta’lim tizimidagi natijalar tahlil qilindi
Navoiy shahridagi 23-umumta’lim maktabida viloyat hokimligi Axborot xizmati, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi va viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Dastlab ishtirokchilar ta’lim maskanida o‘quvchilarning bilim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar, to‘garaklar va kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

- Ayni paytda maktabimizda 83 nafar pedagog xodim faoliyat yuritib, ularning 33 nafari oliy, 27 nafari birinchi va 22 nafari ikkinchi toifali pedagoglardan iborat, - deydi maktab direktori Miryoqubjon Shodiyev. - Maktab pedagoglarining 68 nafari turli darajadagi xalqaro va milliy sertifikatlarga ega. Pedagoglarning mehnatini rag‘batlantirish va kasbiy mahoratini oshirish uchun yaratilgan sharoitlar natijasida 17 nafar pedagog 70 foizlik ustamaga ega bo‘lgan, 2025-2026 o‘quv yilida esa 3 nafar o‘qituvchi “Vazir ustamasi”ga sazovor bo‘ldi. Ta’lim sifatini baholashda bitiruvchilarning keyingi bosqichdagi natijalari alohida ahamiyatga ega. 2025-2026 o‘quv yilida maktabni 31 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lsa, ularning 22 nafari, ya’ni 73 foizi oliy ta’lim muassasalari talabalari safiga qabul qilindi. Ushbu ko‘rsatkich bilan maktab jamoasi Navoiy shahri maktablari reytingida 1-o‘rinni egalladi.

Matbuot anjumanida boshqarma boshlig‘i Ra’no Hayitova viloyat ta’lim tizimida erishilgan natijalar, amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan ma’lumot berdi.
Hozirgi kunda Navoiy viloyatida 367 ta umumta’lim maktabi, 9 ta ixtisoslashtirilgan maktab, 1 ta Prezident maktabi va 7 ta nodavlat maktab faoliyat yuritmoqda. Ularda jami 195 ming nafardan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda. Maktabgacha ta’lim tizimida esa 239 ta davlat va 1 215 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Nodavlat tashkilotlarning 6 tasi xususiy, 98 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida, 1111 tasi esa oilaviy shaklda tashkil etilgan.
- Bugungi kunda 202 ta maktabda o‘quvchilar bilimini baholashning yangi tizimi joriy etilgan, - deydi R.Hayitova. - Bu maktablarda o‘quvchilar bilimining natijadorlik ko‘rsatkichi o‘tgan yilgi 72,5 foizdan 81 foizga ko‘tarildi. Bu yondashuv har bir maktab, har bir fan va har bir o‘quvchi kesimidagi muammolarni aniqlash, past natija ko‘rsatayotgan maktablar bilan manzilli ishlash imkonini bermoqda. Shu bilan birga, ta’lim sohasidagi muhim yangiliklardan biri - yuqori natijalarga erishgan maktab jamoalarini rag‘batlantirish tizimidir. Joriy yilda viloyatimizdagi 29 ta maktab jamoasiga erishilgan natijalar uchun 40 foizgacha ustama to‘lanishi belgilangan.

Ta’lim sifati, avvalo, o‘qituvchining bilimi, malakasi va kasbiy mahoratiga bog‘liq. Shu sababli viloyatda pedagoglarning malakasini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va maktablarga yuqori ilmiy salohiyatga ega mutaxassislarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bir yil davomida malakaviy toifaga ega pedagoglar soni 15 665 nafardan 16 001 nafarga yetdi.
Maktab ta’limi sifatini baholashda bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari ham muhim o‘rin tutadi.

O‘tgan o‘quv yilida viloyat umumta’lim maktablarini 12 ming 524 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ularning 52,5 foizi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi va respublikada birinchi o‘rinni qayd etdi. Davlat oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi o‘rtacha ball ham o‘tgan yilgi 93,23 balldan 112,78 balga ko‘tarildi. 17 ta umumta’lim maktabi bitiruvchilarining 100 foizi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 7 ta maktabga ko‘paydi. 579 nafar bitiruvchi maksimal ballni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin grant asosida talaba bo‘ldi.
So‘nggi besh yilda viloyatda maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va qo‘shimcha o‘quvchi o‘rinlarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 9 ta yangi maktab qurilib, 5 ming 342 ta yangi o‘quvchi o‘rni yaratildi. Qo‘shimcha binolar hisobiga esa yana 15 ming 438 ta o‘quvchi o‘rni tashkil etildi. Joriy yilda yana 87 ta maktabda qo‘shimcha 6 ming 600 ta o‘quvchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Maktabgacha ta’lim muassasalarining infratuzilmasini yaxshilash borasida ham ishlar davom ettirilmoqda. So‘nggi besh yilda 222,6 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 73 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Natijada 3 ming 670 ta yangi tarbiyalanuvchi o‘rni yaratildi, 8 ming 730 ta mavjud o‘rin mukammal ta’mirlandi.

Joriy yilda esa 43 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 20 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida qo‘shimcha 1 ming 230 ta tarbiyalanuvchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Bu ishlar ta’lim muassasalarining imkoniyatlarini kengaytirish, bolalar uchun qulay muhit yaratish va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri