Ta’lim tizimidagi ishlar davom etadi
Jizzaxda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan joriy yil 28 yanvar kuni Prezidentimiz raisligida maktab ta’limini rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Sadriddinova ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ayni paytda viloyatda jami 569 ta ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Shulardan 514 tasi umumta’lim maktabi, 35 tasi ixtisoslashgan maktab va maktab-internati, 4 tasi maxsus maktab, 14 tasi “Barkamol avlod” bolalar maktabi, 1 tasi “Mehribonlik uyi”, 1 tasi malaka oshirish hududiy markazidir. O‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berayotgan 22 ming 719 nafar pedagogning 11 ming 655 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Shu o‘rinda, o‘tgan 2021 yilga nisbatan oliy toifali o‘qituvilar soni 5,9 foizga, birinchi tofali o‘qituvchilar soni 16,7 foizga oshganini ta’kidlash joiz.
[gallery-5787]
– Jizzax viloyati bo‘yicha o‘tgan 2021 yilda umumta’lim maktablarini tamomlagan 18 ming 878 nafar bitiruvchidan 6 ming 277 nafari yoki 33,3 foizi turli oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan, – dedi Dilfuza Sadriddinova. – Investitsiya dasturiga binoan o‘tgan 2021 yilda Jizzax viloyatida jami 26 ta maktabda 158 milliard 700 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Shundan, 4 ta yangi maktab qurilib, 13 tasi rekonstruksiya qilingan, 9 tasida mukammal ta’mirlash ishlari olib borilgan. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlariga asosan 18 ta maktabda 49 milliard 300 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Joriy yilda ham tizimda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar davom etadi. Hozirda 19 ta maktabni yangidan qurish, 143 tasini rekonstruksiya qilish orqali qo‘shimcha o‘quv binolari qurish va 102 tasini mukammal ta’mirlash ehtiyoji mavjud. Investitsiya dasturiga asosan, joriy yil viloyatda jami 67 ta maktabda 219 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Jumladan, 43 ta yangi, shundan 37 ta maktab filiallarida qurilish, 16 ta umumta’lim maktabini rekonstruksiya va 8 ta ta’lim muassasasini mukammal ta’mirlash belgilangan, 8 ta sport zali quriladi. Yangi o‘quv yilida viloyat bo‘yicha yana 6 ming 382 ta yangi o‘quv o‘rni yaratiladi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA