Ta’lim tizimida xalqaro hamkorlik
Qarshi davlat universitetida “Axborot texnologiyalari va matematik modellashtirish” mavzusida XXI xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjuman Qarshi davlat universiteti, Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti, Rossiya FA Boshqaruv muammolari instituti, Tomsk davlat universiteti va O‘zR FA V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Konferensiya doirasida “Zamonaviy stoxastik modellar va aktuar matematika muammolari” (Modern stochAstic Models & probleMs Of actuarial maTHematics: MAMMOTH – 2022) Xalqaro simpoziumi hamda “Oliy ta’lim dasturlarida end-to-end raqamli texnologiyalar” davra stoli tashkil etildi.
Konferensiyadan maqsad ehtimollar nazariyasi va ularning tatbiqlari, axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari, matematik modellashtirish, sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va boshqa muhim ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-texnik ishlanmalar sohasida ilmiy tadqiqotlarning eng ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashda Rossiya universitetlari hamda O‘zbekiston matematika jamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirish, to‘plangan tajribalar bo‘yicha fikr almashish, umumlashtirishdan iborat.

Anjumanda yurtimiz oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari bilan bir qatorda Italiya, Hindiston, Rossiya, Gruziya va Belarus kabi davlatlarning yetakchi olimlari, professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislaridan iborat 250 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

– Konferensiya yosh izlanuvchilar, olimlar uchun imkoniyatlar maydoniga aylanadi, – deydi Qarshi davlat universiteti algebra va geometriya kafedrasi mudiri, tashkiliy qo‘mita hamraisi A’zam Imomov. – Boisi, anjumanda xalqaro doirada ilmiy izlanishlar olib borayotgan xorijlik olimlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatiladi. Shuningdek, xalqaro tan olingan bazalarda ilmiy maqolalar to‘plami chop etiladi. Ishonamizki, ushbu konferensiya Qarshi davlat universitetining ilmiy salohiyatini jahon miq’yosida tan olinadigan reytinglarga olib chiqishda navbatdagi muhim qadam bo‘ladi.
Ahamiyatlisi, Qarshi davlat universiteti ushbu konferensiyaning doimiy tashkilotchilari ro‘yxatiga kiritildi. Tomsk davlat universitetida faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash tarkibiga universitet professor-o‘qituvchilarini kiritish masalasi ko‘rib chiqilishi, shuningdek, yaqin 2-4 yil ichida QarDU 2 nafar tadqiqotchilarining dissertatsiyalari himoyasini Tomsk davlat universitetida o‘tkazilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Italiyaning Piza universiteti va QarDU o‘rtasida ikki tomonlama anglashuv memorandumini tayyorlash jarayoni boshlanganligi ma’lum qilindi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.