Ta’lim tizimi xodimlari tajriba almashdi
Ta’lim sohasida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va o‘quv-tarbiya jarayoni sifatini yanada oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi ta’lim muassasalari rahbarlarining Sirdaryo viloyatiga amaliy tashrifi tashkil etildi.
Uch kun davom etgan tashrif doirasida mehmonlar viloyatda ta’lim tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar hamda zamonaviy pedagogik yondashuvlar bilan yaqindan tanishishdi.

Tashrifning dastlabki manzillaridan biri Guliston shahridagi 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Bu yerda mehmonlarga bolalarning har tomonlama kamol topishi uchun yaratilgan muhit, ta’lim-tarbiya jarayonining tashkil etilishi va yozgi sog‘lomlashtirish tadbirlari haqida ma’lumot berildi. Tarbiyalanuvchilar tomonidan namoyish etilgan kuy-qo‘shiqlar, badiiy chiqishlar va ijodiy dasturlar mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.


Ayniqsa, bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan ijodiy mashg‘ulotlar, intellektual o‘yinlar va rivojlantiruvchi dasturlar yuqori baholandi. Mehmonlar bu kabi yondashuvlar bolalarning qiziqishlari va qobiliyatlarini erta aniqlash hamda ularni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.


Shuningdek, Qonliko‘l tumani maktab direktorlari Guliston shahridagi 2-umumta’lim maktabida tashkil etilgan kasb-hunarga o‘rgatish markazlari faoliyati bilan ham tanishishdi. U yerda o‘quvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar, amaliy mashg‘ulotlar jarayoni va zamonaviy uskunalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.


Robototexnika, tikuvchilik, dizayn va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan loyihalar, o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan ishlar ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Mehmonlar o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan ishlanmalar bilan tanishib, ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash samaradorligi xususida fikr almashdilar.


Tashrif davomida ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati, iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash tizimi, STEM ta’limi hamda tabiiy fanlarni o‘qitishda qo‘llanilayotgan zamonaviy metodikalar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Bu tajribalar mehmonlar uchun yangi g‘oya va tashabbuslar manbai bo‘ldi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA