Ta’lim tizimi: xalqaro hamkorlik o‘z samarasini bermoqda
Namangan muhandislik-texnologiya instituti va Belarus milliy texnika universiteti o‘rtasida ta’lim va ilmiy-innovatsion yo‘nalishlarda faol hamkorlik o‘rnatilgan.
Ayni kunlarda o‘zbekistonlik bir guruh professor-o‘qituvchilar qisqa muddatli almashinuv dasturi doirasida belaruslik talabalarga muhandislik, kimyo, chizmachilik, rus tili, buxgalteriya hisobi va oliy matematika fanlaridan saboq bermoqda.
– Xizmat safarimiz davomida bu yerdagi talabalarga dars o‘tish asnosida o‘zaro tajriba almashish imkoniyatidan ham samarali foydalanyapmiz, – deydi Namangan muhandislik-texnologiya instituti muhandislik-texnologiya fakulteti dekani Avazbek Obidov. – Tashrifimizning asosiy maqsadi ham shu aslida. Bu hamkorlik har ikki oliy ta’lim muassasasining rivojiga xizmat qiladi.

Shuningdek, tashrif davomida ushbu oliygohning mashinasozlik fakulteti hamda Namangan muhandislik-texnologiya institutining muhandislik texnologiya fakultetlari o‘rtasida uzoq yilga mo‘ljallangan o‘zaro manfaatli hamkorlik shartnomasi imzolandi. Mazkur kelishuvga ko‘ra, ikki fakultet hamkorligida talabalar uchun akademik mobillik dasturi, professor-o‘qituvchilarni o‘zaro almashinuvi, qisqa muddatli stajirovkalarni tashkil qilish, xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy anjumanlarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA