Ta’lim-tarbiya muhim jarayon, bunga hamma mas’ul
Munosabat
bugungi kunda mamlakatimiz yangi davrga qadam qo‘ymoqda. Albatta, bu yo‘lning mashaqqati og‘ir. Lekin hozir bu dovonlardan oshib o‘tilmasa katta maqsadlar rejaligicha qolib ketishi mumkin. Shiddat bilan davom etayotgan islohotlar esa har birimizdan faol tashabbuskorlik va fuqarolik pozitsiyamizni bildirishni talab etayotir.
Joriy yil 28 yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektr yig‘ilishida men ham maktab direktori sifatida ishtirok etdim. Prezidentimizning ta’lim-tarbiya jarayonidagi og‘riqli nuqtalar, kechikmasdan hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar, eskicha uslubdagi dars jarayonlari, yillar davomida yangilanmagan darsliklar haqidagi tanqidiy fikrlarini tinglab, maktab ta’limini tubdan modernizatsiya qilinishidan quvondim.
To‘g‘ri, taraqqiyotni ta’limsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Jamiyat taraqqiyoti, milliy farovonlik hamisha yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi, zamonaviy va tarixiy bilimlarni chuqur egallaganligi, yuksak malakasi bilan bog‘liq bo‘lib kelgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”, deb ta’kidlagan edi. Bu esa maktab ta’limiga borib taqaladi, albatta.
Prezidentimizning ma’ruzasi 3 ta omil bo‘ylab “harakatlanadi”. Sub’ekt - o‘qituvchi, ob’ekt - o‘quvchi, predmet - dars jarayonini tashkillashtirishdagi barcha unsurlarni o‘z ichiga oladi. Bu uch yo‘nalish atrofidagi muammolarning hal qilinishi orqali ta’limda muvaffaqiyatli erishish mumkin.
O‘qituvchilarning bilim saviyasi, kasb mahoratini oshirish, eng birinchi masala. Davlatimiz rahbari endilikda yuqori malakali, o‘z ustida doimiy ishlaydigan muallimlar faoliyatini yangi yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash, mahoratli pedagoglar tajribasidan samarali foydalanib, ularning o‘qitish metodikasini ommalashtirish kabi vazifalarni ilgari surdi. O‘qituvchi bilimli bo‘lmasa kelajak avlodga hech narsa bera olmasligi haqida kuyinib gapirdi.
bugungi taraqqiyot davri o‘quvchilarining qalbiga zamonaviy darsliklar orqali kirish mumkin. Ayni vaqtda yangi avlod darsliklarini ilg‘or tajribalar asosida to‘liq yangilash uchun Angliya, Fransiya, Germaniya kabi davlatlardan qirqqa yaqin xalqaro ekspertlar jalb qilingan. Endi savolga javob yozish, berilgan matnni o‘qish kabi zerikarli, eskirgan, usullardan voz kechib, mantiqiy fikrlashga chorlaydigan, ijodiy qobiliyatlarni o‘stiradigan metodikalar yaratish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda barcha maktablarda vatanparvarlik darslarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Ushbu darslar yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, ularni milliy g‘urur ruhida tarbiya topishlarida juda muhim qadam bo‘lishi, shubhasiz.
Maktabni bitirgan bola kamida bitta kasb bilan birga bitta milliy cholg‘u asbobini chalishni bilishi shartligi alohida ko‘rsatib o‘tildi. Koreya Respublikasida ham maktabni bitirgan o‘quvchi musiqa fani doirasida, albatta, bitta cholg‘u asbobini mukammal o‘rganishi shart qilib belgilangan. Chunki san’at ham tarbiyalashning ilg‘or usullaridan biri, aslida.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, maktab bu faqat Xalq ta’limi vazirligining ishi emas. Toki u yerda yoshlar, ertamiz egalari, bolalarimiz o‘qiyotgan ekan, bu barcha e’tibor qaratishi va birdek ko‘maklashishi kerak bo‘lgan soha. Shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin. Chunki farzandlarimiz kamoloti farovon kelajagimiz kafolatidir.
Jasurbek Arslonov,
Farg‘ona shahridagi 42-maktab direktori.
O‘zA