Ta’lim-tarbiya masalalariga bag‘ishlandi
Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida "Sifatli ta’lim – kuchli jamiyat" shiori ostida milliy forum bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati hokimligi, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida ta’lim-tarbiya masalalariga bag‘ishlanib tashkil etilgan milliy forumda oliy ta’lim muassasalari vakillari, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari, ilg‘or va faol o‘qituvchilar, tarbiyachilar, faxriy ustozlar ishtirok etdi.
To‘rt ming nafar soha vakillari qatnashgan milliy forumda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar atroflicha tahlil qilindi.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yilning dekabr oyida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya ishlari sifatini oshirish, bu boradagi muammo va qo‘yilgan vazifalarni hal etish muhimligini alohida ta’kidlagan edi. Qolaversa, Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur yo‘nalishda “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘li” degan shior bosh mezon sifatida belgilab olinganligi islohotlar jarayonini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etdi.
[gallery-13132]
Yakunlangan o‘quv yilida viloyat maktab ta’limi tizimida ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, muayyan yutuqlarga erishildi. Forumda ana shu yo‘nalishdagi hamda maktabgacha ta’lim sohasida olib borilgan ishlar muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan sohaga oid mavzularda ma’ruzalar o‘qildi, ilg‘or, tajribali hamda faxriy ustozlar o‘zlarining tajribalari, ilg‘or ish uslublari bilan o‘rtoqlashdi. Ishtirokchilar tomonidan bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov forum ishtirokchilari bilan muloqotda tizimdagi muammolarni hal etish, ta’lim-tarbiya sifatini yuksaltirish bo‘yicha o‘zining fikr mulohazalarini bildirdi, kelgusidagi muhim vazifalar haqida to‘xtaldi.
Anjumanda yutuqlar salmog‘ini hamda ta’lim-tarbiya sifat va samaradorligini oshirish, pedagoglarning bilim va malakasini yuksaltirish, ayniqsa, ustoz-shogird maktabi faoliyatini yanada takomillashtirish, ilg‘or pedagoglar tajribasini ommalashtirish, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA