Ta’lim maskanidan ishlab chiqarishga
Namangan shahridagi Prezident maktabi yuqori sinf o‘quvchilari va ularning murabbiylari o‘zaro hamkorlik kelishuvi doirasida To‘raqo‘rg‘on Issiqlik elektr stansiyasi bilan yaqindan tanishdi.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi mazkur o‘quv dargohining faoliyati yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga ko‘maklashish maqsadida iqtidorli o‘g‘il-qizlarni aniqlash va o‘qitishdan iborat. Ta’lim jarayoni tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillar, muhandislik va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarini o‘z ichiga olib, asosiy fanlar ingliz tilida olib boriladi. “STEAM” dasturi asosida olib boriladigan fanlar uchun maktabda maxsus jihozlangan zamonaviy o‘quv xonalari yaratilgan bo‘lib, ularda nazariy bilimlarni amalda mustahkamlash uchun so‘nggi rusumdagi kompyuterlar, uskunalar va smartboardlar mavjud.

Stansiyaning malakali xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tanishuv davomida iqtidorli yoshlarga energetikaning kundalik hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati, stansiya qurilishi tarixi hamda yirik korxonaning texnik-iqtisodiy imkoniyatlari, elektr energiyasi ishlab chiqarish texnologiyasi to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Muloqot davomida o‘quvchilar va murabbiylarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha savollarga javoblar qaytarildi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA