Ta’lim krediti olish bo‘yicha qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
Hademay yangi o‘quv yili boshlanadi. Aholida yangi o‘quv yili, darsliklar, talabalik bilan bog‘liq, shuningdek, mehnat ta’tiliga oid savollar ko‘paygan.
Shu kabi savollarga Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva javob berdi:
- Oliy o‘quv yurtida talabaman. Lekin bog‘cha yoshiga yetgan farzandim bor. O‘qishlar boshlanmasidan oldin bolamni bog‘chaga bermoqchiman. Bu borada birorta imtiyoz bormi?
- Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi 244-sonli qarori bilan bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan.
Mazkur reglamentga ko‘ra, bolalarning quyidagi kontinenti anketalari imtiyozli ro‘yxatga kiritilgan: nogiron bo‘lgan shaxslarning bolalari, uch nafar yoki undan ko‘p bolalari bo‘lgan oilalarning bolalari, harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari, talabalar va pedagoglarning bolalari, yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar, boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalar, akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar.
Shunga ko‘ra, talaba bo‘lganingiz sababli siz imtiyozli toifaga kirasiz. Bunda ustunlik huquqingiz mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumot anketangizda ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
- Bu yil universitetga o‘qishga kontrakt asosida o‘qishga kirdim. Akam ham kontrakt asosida o‘qiydi. Ikki talabaga pul to‘lash oilamizga qiyinchilik tug‘diradi. Shunga ta’lim krediti olmoqchiman. Kredit olish tartibi haqida ma’lumot bersangiz?
- Hukumatning joriy yil 18 avgustdagi qarori bilan Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlarini ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, ta’lim kreditlari oliy ta’lim tashkilotlarining kunduzgi ta’lim shaklida bakalavriat va magistraturaga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan, shuningdek, o‘qishini ko‘chirgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan talabalarga beriladi.
Bunda, kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki vasiylari birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishi mumkin.
Ta’lim kreditining asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.
Ta’lim kreditini olish uchun Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan tijorat banklariga zarur hujjatlar taqdim etiladi.
Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi.
- Kichik farzandim maktabning 1-sinfiga o‘qishga chiqadi. Darslik uchun pul to‘lanishi haqida eshitganman. Ammo ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar ro‘yxatida turadi. Bunday oilalarga qanday imtiyozlar bor?
- Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, umumta’lim maktablarining birinchi sinf o‘quvchilari, “Mehribonlik uyi”, maxsus maktab, maktab-internatlari va ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar o‘quvchilari maktabning kutubxona jamg‘armasi tomonidan darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadi.
Bunda ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar o‘quvchilari ro‘yxati 1 sentyabrgacha fuqarolar yig‘ini iltimosnomasi va ota-onalar qo‘mitasi xulosasi asosida maktabning pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
- Oilaviy sharoitim sababli yillik mehnat ta’tilimning bir qismini olmoqchiman. Qonunchilikda buning tartibi qanday?
- Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodimning xohishiga ko‘ra uning yozma arizasi asosida ta’tilni qismlarga bo‘lishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda ta’tilning bir qismi o‘n ikki ish kunidan kam bo‘lmasligi lozim.
- Oylik ish haqimdan ushlab qolishmoqda. Bunga obodonlashtirish va yana boshqa sabablarni ko‘rsatmoqda. Lekin buning uchun mendan rozilik so‘ralmadi. Qonunchilikda xodimning mehnat haqidan qanday hollarda ushlab qolinadi?
- Mehnat kodeksining 164-moddasiga ko‘ra, xodimning yozma roziligi bilan, bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda esa, sudning qaroriga asosan mehnat haqidan ushlab qolinishi mumkin.
Xodimning roziligisiz mehnat haqidan quyidagi hollarda ushlab qolinishi mumkin: belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish, sudning qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish, oldindan berilgan maqsadli pullar (masalan, xizmat safarlari uchun berilgan va ishlatilmay qolingan avans) bo‘yicha hisob-kitob qilish hamda ortiqcha to‘langan summani qaytarib olish, mehnat ta’tili bo‘yicha hisob-kitob qilish, xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash, intizomiy jazo tariqasida tayinlangan jarimani undirish uchun.
Ish haqidan ushlab qolinadigan haqning umumiy miqdori xodimning ish haqining 50 foizidan ortib ketmasligi lozim.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu cheklov aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazo tayinlangan xodimning ish haqidan ushlab qolishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday hollarda ushlab qolinadigan haqning miqdori 70 foizdan ortib ketmasligi lozim.
- Besh oy avval homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqdim. Lekin dekret pulini hali olmadim. Bu haqda hozir murojaat qilsam ham bo‘ladimi?
- “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 5-bandiga asosan, nafaqa — homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan yoki bola tug‘ilgan kundan boshlab 6 oy muddat ichida murojaat qilinganda to‘lanadi.
Demak, farzandingiz hali 6 oylik bo‘lmagan bo‘lsa, ish beruvchiga bemalol murojaat qilishingiz mumkin. Shu asosda sizga dekret puli to‘lab beriladi. Yuqoridagi Nizomning 7-bandiga asosan, nafaqa oyiga bir marta - oyning ikkinchi yarmi uchun beriladigan ish haqi bilan birga to‘lanadi.
- Hashar va majburiy mehnatning farqi nimada? Shu bo‘yicha ma’lumot bersangiz?
- Hashar – bu ixtiyoriy ravishda tashkil etiladi va hashar o‘tkazish to‘g‘risida alohida hujjat qabul qilinishi kerak.
Majburiy mehnat esa, biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash hisoblanadi. Bunday harakat qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qonunchilikka ko‘ra, quyidagi ishlar majburiy mehnat, deb hisoblanmaydi: harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonunlar asosida; favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda; sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan; qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv ob’ektlari va qirg‘oqbo‘ylarida, shuningdek, qurilish maydonlari, bino tomlari, xavfli ishlab chiqarish joylarida hattoki ixtiyoriy tashabbus bilan ham hashar o‘tkazish taqiqlanadi.
N.Abduraimova, O‘zA