Ta’lim islohotlari Sirdaryoda jadallashmoqda
Sirdaryo viloyatida ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, dars sifatini oshirish va o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar izchil sur’at olmoqda.
Bugungi kunda ayniqsa xorijiy tillarni o‘qitish tizimini takomillashtirish masalasi ta’lim islohotlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Guliston shahridagi Sirdaryo viloyati Yoshlar markazida o‘tkazilgan muhokama tadbiri ham aynan shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini tahlil qilish, mavjud yutuqlarni mustahkamlash va kelgusi vazifalarni belgilashga qaratildi.
Tadbirda viloyat hokimligi vakillari, Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Nargiza Xolboyeva, soha mutasaddilari hamda pedagoglar ishtirok etishdi. Muhokama davomida ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonlarini zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida tashkil etish va raqamli texnologiyalarni samarali joriy qilish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son hamda 2022-yil 19-yanvardagi 34-son qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatlarda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitish tizimini takomillashtirish va ta’lim jarayoniga zamonaviy AKT ni keng joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.
Sirdaryo viloyatida bu borada tizimli yondashuv yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv-uslubiy adabiyotlar, texnik vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi tomonidan har yili kamida 1 milliard so‘m mablag‘ ajratib kelinmoqda. Mazkur mablag‘lar maxsus g‘aznachilik hisobvaraqlarida jamlanib, manzilli dasturlar asosida samarali yo‘naltirilmoqda.
Boshqarma rahbari Nargiza Xolboyeva aytishicha, amaliy ishlar natijasida maktablar bosqichma-bosqich interaktiv doska va zamonaviy o‘qitish vositalari bilan ta’minlanmoqda. Jumladan, 2021-yilda 30 ta, 2022-yilda 40 ta, 2023-yilda 40 ta, 2024-yilda 51 ta maktab ushbu jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2025-yilda 50 ta, 2026-yilda yana 50 ta maktabni qamrab olish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday yangilanishlar dars jarayonini tubdan o‘zgartirib, o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, xorijiy tillarni o‘qitishda amaliy ko‘nikmalarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, ta’lim muhiti zamonaviy talablar asosida shakllanib, o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
[gallery-29455]
Tadbir yakunida 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan manzilli dastur doirasida 50 ta umumta’lim maktabi Sirdaryo viloyati hokimligi va viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan 1 milliard so‘mlik manzilli loyiha sertifikatlari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA