Ta’lim: islohotlar o‘z samarasini beradi
Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi hamda viloyat Maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasi hamkorligida Angren shahrida “Ta’lim manzillarida islohotlar samarasi” mavzusida ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda media sohasi faollari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Mazkur press-turdan ko‘zlangan asosiy maqsad, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy ta’lim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar, yoshlar uchun berilayotgan imkoniyatlar hamda hududlarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini keng jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.

Press-tur davomida ishtirokchilar shaharda ta’lim, madaniyat va yoshlar siyosati yo‘nalishida amalga oshirilayotgan zamonaviy loyihalar bilan yaqindan tanishdilar. Tadbirning birinchi manzili Yangi Angren madaniyat va sport maskani bo‘ldi. Bino OKMK homiyligida 31 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga zamonaviy qiyofaga keltirilgan. Ishtirokchilarga yoshlar uchun tashkil etilgan zamonaviy to‘garaklar, startap va innovatsion loyihalar, sun’iy intellekt va robototexnika yo‘nalishidagi ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, sport zali, gimnastika xonasi, rassomlik va doirachilar to‘garaklari faoliyati ko‘zdan kechirildi.

Hududdagi 43-umumta’lim maktabi direktori Tojiniso Aliboyevaning aytishicha, mazkur majmuaning foydalanishga topshirilishi aholi, ayniqsa, yoshlarning madaniyat va sport bilan muntazam shug‘ullanishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishi hamda milliy qadriyatlar va san’atni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Oxirgi yillar maktablarda tashkil etilgan “Iqtidor”, “Turon” maktab teatrlari bolalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Endilikda Yangi Angren madaniyat va sport saroyidagi teatr sahnalarida ko‘plab badiiy asarlarni bolalar ishtirokida namoyish qilish mumkin. Ayniqsa, angrenlik yoshlar viloyat va Respublika miqyosida tashkil etilayotgan turli ko‘rik-tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda.

OAV vakillari 12-sonli umumta’lim maktabida yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, inklyuziv sinflar, STEM va IT xonalari faoliyati bilan ham tanishdi. Xususan, bu yerdagi o‘quvchilar darsdan bo‘sh vaqtlarini robototexnika va dasturlar to‘garagiga faol qatnashmoqda. Angren shahri bo‘yicha maktab yoshidagi 40 nafar bolalar shu jarayonga jalb qilingan. Ularning ko‘pi hozirda o‘z loyihasiga ham ega.

Press-turning so‘ngi manzili 33-sonli umumta’lim maktabi bo‘ldi. Hozirgi kunda bu ta’lim dargohida 1 ming 400 dan ziyod o‘quvchi tahsil oladi. 7-10 sinflar uchun maxsus ingliz tili, matematika, tarix kabi fanlar o‘tiladi. Pedagoglarning ko‘pi maxsus sertifikatlarga ega bo‘lib, o‘z yo‘nalishlarida ilmiy ishlar bilan ham shug‘ullanmoqda.

– Bitiruvchilarning barchasi oliygohlarga muddatidan oldin talabalikka qabul qilindi, – deydi 33-sonli umumta’lim maktabi direktori Dilovar Turg‘unboyev. – So‘nggi yillarda maktabimiz Rossiya Federatsiyasining bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bundan tashqari, maktabimizda turli yo‘nalishlarda pullik to‘garaklar tashkil qilingan. Joriy yil boshidan buyon jamg‘argan mablag‘larimiz 90 million so‘mga yetdi va bu mablag‘larni tegishli tartibda kuzatuv kengashlari qarori bilan maktab rivoji yo‘lida sarflash rejalashtirilgan. O‘quvchilarimizning erishayotgan natijalari ham tahsinga loyiq. Xususan 300 nafardan ortig‘i ingliz tilidan sertifikatlarga ega. Sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha mamlakat va xalqaro miqyosidagi chempionlarimiz safi ham kengaygan.

Press-tur davomida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida bolalar uchun yaratilgan xavfsiz va zamonaviy muhit, erta rivojlantirish markazlari hamda innovatsion ta’lim usullari bilan ham tanishildi. Shu bilan birga, jurnalist va blogerlar uchun ochiq muloqot, savol-javoblar, intervyular hamda media sessiya tashkil etildi.
A.Musayev, O‘zA.