Talabalarning taklif va tashabbuslari tinglandi
Namangan muhandislik-qurilish institutida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, parlamentning agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi Barno Mirzamova bilan talabalar uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Deputat Barno Mirzamova parlamentning quyi palatasi tomonidan qonun ijodkorligi borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida o‘zi a’zo qo‘mita faoliyati misolida batafsil to‘xtaldi.

Uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaat etdi. Suhbat davomida uchrashuv qatnashchilari tomonidan bir qator taklif va tashabbuslar ham kelib tushdi. Jumladan, yosh fermer Doniyorbek Jakbarovning oldida turgan mavjud muammolar shu joyning o‘zida deputat tomonidan nazoratga olindi.

– Oliy Majlis deputati ishtirokidagi muloqot samimiy va qizg‘in ruhda kechdi. Har bir savol va taklif diqqat bilan tinglangani e’tiborga molik. O‘z faoliyatim yuzasidan deputatga ikki taklifni ilgari surdim, – deydi Namangan muhandislik-qurilish instituti iqtidorli talabalar bo‘limi xodimi, “Besh tashabbus” loyihalari koordinatori Ahmadjon Muxtorjonov. – Xususan, oliygohimizda “Kitob karvoni” loyihasini yo‘lga qo‘yish va unga deputatning kitoblarni tuhfa qilishi hamda O’zLiDeP partiyasi bilan hamkorlikda “Deputat stipendiyasi”ni joriy eish haqidagi taklif qo‘llab-quvvatlanganidan mamnun bo‘ldim.


Uchrashuv yakunida, parlament vakili Barno Mirzamovaga institut logotipi tushirilgan maxsus sovg‘a va oliygoh talabasining “Yuragimdan o‘ting Vatanga” nomli she’riy to‘plami sovg‘a qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.