Talabalarga “Karera kuni” mehnat yarmarkasida 1 ming 500 bo‘sh ish o‘rni taklif etildi
Surxondaryo viloyatidagi Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida “Karera kuni” bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institutning bitiruvchi kurs talabalari uchun Denov, Uzun, Oltinsoy, Sariosiyo, Qumqo‘rg‘on tumanlari kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘limlari 52 ta muassasa, korxona va tashkilotning 1 ming 500 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Joriy yil institutda 8 mingdan ortiq talaba ta’lim olmoqda. Ularning ikki ming 25 nafari shu yil oliy ta’lim muassasasini tugatib, mustaqil hayotga yo‘llanma oladi. Bitiruvchi yigit-qizlardan 1 ming 35 nafarining ish joyi aniq bo‘lgan. Ular oliy ta’lim muassasasini tugatishi bilan xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat qila boshlaydi. 210 nafar bitiruvchi o‘z-o‘zini ish band qilgan.

Institutda talaba-yoshlarning ta’lim olib, mutaxassisliklarni egallashi uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. 117 ta o‘quv auditoriyasi va laboratoriya 74 ta smart doska, 6 ta videoproyektor, 1 ming 125 ga yaqin kompyuter bilan jihozlangan. 14 ta kompyuter sinfi va 12 ta o‘quv laboratoriyasi mavjud.
Ta’lim sifatini oshirib, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor berilayotgan o‘quv dargohi xorij tajribalaridan ham samarali foydalanmoqda. Shu maqsadda Rossiya, Qatar, Turkiya, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Belarus, Afg‘oniston, Tojikiston kabi davlatlardagi 86 ta nufuzli universitetlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolanib, hamkorlikda o‘quv mashg‘ulotlari va ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

O‘tgan yil foydalanishga topshirilgan “Karera” markazi ham ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlaydigan zamonaviy maskanga aylandi. Jumladan, xorijiy til bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritishga mo‘ljallangan 8 ta maxsus o‘quv-tayyorgarlik to‘garagi faoliyat yuritmoqda. Pishiriqchilik, tikuvchilik, sartaroshlik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlarda ham kurslar tashkil etilgan. Rus, koreys, hind, tojik va turk o‘quv-madaniyat ta’lim markazlarida ham talabalar til o‘rganib, mamlakatlarning tarixi, madaniyati va an’analari bilan yaqindan tanishmoqda.

Bayramona ruhda o‘tgan yarmarkada institutning bitiruvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati yaratildi. Talabalar erishgan yutuqlar, laboratoriya ishlaridan namunalar, institutda tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati, sport klubi a’zolarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Axborot resurs markazi kitob yarmarkasi tashkil etdi.

Ish beruvchi muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda mas’ul xodimlari talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazib, bo‘sh ish o‘rinlari va mehnat shartlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Nomzod talabalar bilan suhbatlashdi.

Mehnat yarmarkasida institutning 170 dan ortiq bitiruvchi talabasi ta’lim muassasalari va boshqa tashkilot, korxonalar ish beruvchilari bilan ishga joylashish to‘g‘risida shartnoma tuzdi.
Tadbir institutning musiqa ta’lim yo‘nalishi talabalari tayyorlagan qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri