Talabalar yangi o‘quv yilini yangi binoda boshladi
FOTOREPORTAJ
Urganch davlat universitetida yangi o‘quv yili boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir hamda yangi barpo etilgan o‘quv binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yangi o‘quv yilining boshlanishini universitet o‘qituvchi va talabalari o‘zgacha hayajon bilan qarshi oldi. Boisi, qariyb bir yil mobaynida qurib bitkazilgan 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan 7 qavatli smart o‘quv binosi ular ixtiyoriga topshirildi.
Marosimda respublikamizning bir guruh taniqli akademiklari, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
[gallery-13452]
Tadbirni universitet rektori B.Abdullayev kirish so‘zi bilan ochib, mustaqilligimizning 32 yilligi va yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan barchani qizg‘in tabrikladi. Talabalarga kelgusi o‘qish va ishlarida omad tiladi.
Ta’kidlash kerak, institutning yangi o‘quv binosi zamonaviy arxitektura-shaharsozlik talablari asosida, 46 milliard so‘m miqdoridagi byudjetdan tashqari mablag‘ hisobidan bunyod etildi. Unda 51 ta o‘quv-auditoriya, fizika va biologiya yo‘nalishlariga moslashtirilgan 12 ta zamonaviy o‘quv-laboratoriya, 8 ta 100 o‘rinli ma’ruza zali, kompyuter xonalari mavjud.
Behzodbek SAIDOV(surat),O‘zA