Talabalar turar joylari sotuvga qo‘yiladimi?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda "talabalar turar joylari ommaviy savdoga chiqarilmoqda", degan mazmunda tarqalgan xabarlar yuzasidan quyidagilar ma’lum qildi:
“Ta’kidlash lozimki, tarqalgan e’lonlarda talabalar yashaydigan xonalar emas, balki talabalar turar joylari tarkibidagi bo‘sh holda turgan yerto‘la, hovli qismi, oshxona, bufet hamda yotoq sifatida foydalanilmaydigan boshqa yordamchi maydonlarni ijaraga berish nazarda tutilgan.
Xususan, quyidagi ob’ektlar bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan:
Samarqand davlat tibbiyot universitetidagi hovli qismidagi 69,8 kv.m bo‘sh maydon;
Farg‘ona davlat universitetida yerto‘ladagi 40 kv.m bo‘sh xona;
Guliston davlat universitetidagi 37 va 52 kv.m bo‘sh xonalar;
Urganch davlat universitetidagi 36 kv.m oshxona;
Farg‘ona davlat texnika universitetidagi oshxona binosi;
Termiz davlat universiteti hududidagi texnologik maydon.
Ushbu ob’ektlar ommaviy savdolar orqali ijaraga beriladigan bo‘lib, ular talabalar yashash joyi hisoblanmaydi va turar joy o‘rinlari qisqarishiga sabab bo‘lmaydi”.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining talabalar turar joyi sotuvga qo‘yilgani haqida ham turli fikrlar bildirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur ob’ekt ommaviy savdoga mavjud qonunchilikka muvofiq tasdiqlangan 2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi doirasida chiqarilmoqda.
Universitetning mavjud bino va inshootlari Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan zamonaviy kampus to‘liq qurilib, foydalanishga topshirilgandan so‘ng bo‘shatib berilishi sharti bilan ommaviy savdoga chiqarilgan.
Hozirgi kunda universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda mazkur ob’ektlarni sotishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan zamonaviy o‘quv binolari va 5 ming o‘rinli yangi talabalar turar joylari qurilmoqda. Yangi kampusda talabalar uchun barcha zarur shart-sharoitlarga ega zamonaviy ta’lim va yashash muhiti yaratiladi.
Shu munosabat bilan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “talabalar turar joylari sotilmoqda” yoki “yotoq o‘rinlari qisqarmoqda” degan talqinlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ta’kidlanadi.
Shu bilan birga, vazirlik tomonidan talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, o‘tgan 2025-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 8 ming o‘rinli turar joylar barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, yil yakunida jami 11 084 o‘rinli talabalar turar joylari foydalanishga topshirildi. Bu esa belgilangan rejaning 138,6 foiz bajarilganini anglatadi.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha 38,5 ming o‘rinli yangi talabalar turar joylari loyihalari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, kelgusi yillarda ham zamonaviy talabalar infratuzilmasini kengaytirish ishlari davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA