Talabalar saylov tizimi haqida ma’lumotga ega bo‘ldi
Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasi tomonidan Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida tahsil olayotgan 1-bosqich talabalari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Unda yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimlarini oshirish, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar, 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi, viloyatda saylovni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari haqida ma’lumotlar berildi.


– Uchrashuv davomida saylash va saylanish huquqiga oid normalar, saylov tizimiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirish va qo‘shimchalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning saylovlarda ishtirok etishi uchun yaratilgan imtiyozlar, saylov jarayonlarida ommaviy axborot vositalari xodimlarining ishtiroki, muddatidan oldin ovoz berish, saylov byulletenini to‘ldirish tartibi to‘g‘risida tushunchalar berildi, – deydi talaba Sarvinoz Po‘latova. – Shuningdek, uchrashuvda joriy yildan boshlab saylovlar aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi, bu tizimning afzalliklari, jamiyatni demokratlashtirish fuqarolar saylov huquqi amalga oshirilishi bilan uzviy bog‘liqligi haqida ham tushunchalarga ega bo‘ldik.


Uchrashuv davomida bu yilgi saylovda ilk marotaba ovoz beradigan saylovchi yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri