Talabalar olimpiadasi – sog‘lom turmush, kuch va g‘alaba sari intilish
FOTOREPORTAJ
Buxoro davlat pedagogika instituti Jismoniy madaniyat fakultetida “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqasining tantanali ochilish marosimi tashkil etildi.
Mazkur yirik sport tadbiri talaba-yoshlarning jismoniy salohiyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda ularning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishga qaratilgan muhim tashabbus hisoblanadi.
[gallery-28634]
Ta’kidlash joizki, ushbu keng ko‘lamli sport loyihasi davlatimiz rahbarining joriy yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur tashabbus yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi.
Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamkorligida respublika oliy ta’lim muassasalari talabalarini qamrab olgan holda o‘tkazilmoqda.
Olimpiada doirasida sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Talabalar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, iroda kuchi va g‘alabaga bo‘lgan intilishini namoyon etish imkoniyatiga ega. Shu bilan birga, mazkur sport tadbiri yoshlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA