Talabalar mahallalarning “og‘ir”ini “yengil” qilishga “bel” bog‘ladi
Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 23-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida respublika bo‘yicha 903 ta “og‘ir” mahalla uchun bosh rejalar ishlab chiqish vazifasi belgilangan edi.
Ayni kunlarda davlatimiz rahbarining mazkur topshirig‘iga asosan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti tomonidan amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Mazkur jarayonga universitetning Arxitektura, Qurilish, Iqtisodiyot yo‘nalishlari, shuningdek, respublikaning arxitektura va qurilish muhandisligi sohasidagi yetakchi oliy ta’lim tashkilotlaridan jami 987 nafar bitiruvchi kurs talabalari, yosh tadqiqotchilari viloyatdagi 141 ta mahallaga biriktirildi.
Hozirda talabalar maxsus tashkil etilgan shtabda mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda mahallalarning bosh rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy takliflar tayyorlamoqda.
– Takliflarda infratuzilmani yaxshilash, qurilish va energetika masalalari, qishloq xo‘jaligi hamda tadbirkorlik va xizmatlar sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi rektor vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Sardor Xodjaniyazov. – Bugun ushbu ishlarning borishini o‘rganish maqsadida Qo‘shko‘pir tumani Zarbdor mahallasida bo‘lib, talabalar tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar va takliflar bilan tanishdim.
Talabalar o‘z g‘oyalarini taqdimotlar orqali namoyish etdi.
[gallery-27621]
Uch mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan Zarbdor mahallasi 2018-yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan bo‘lsa-da, hududda hanuz ayrim infratuzilma muammolari saqlanib qolmoqda. Shuningdek, aholining o‘rtacha daromadini oshirish va munosib turmush sharoitini yaratish maqsadida manzilli dasturlarni amalga oshirish zarurati mavjud.
Iqtidorli talabalarning hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan yangicha yondashuvlari mahallani aniq ixtisoslashtirish, tomorqa va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, aholini suv, sifatli urug‘-ko‘chat hamda bozor bilan uzviy bog‘lash orqali qisqa muddatda sezilarli natijalarga erishish imkonini beradi.
Mazkur tashabbus nafaqat mahalla rivojiga xizmat qilmoqda, balki talaba-yoshlar uchun dual ta’lim asosida muhim amaliy tajriba maktabi vazifasini ham bajarmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (curat), O‘zA muxbirlari