Talabalar ishtirokida profilaktik tadbir o‘tkazildi
Toshkent davlat tibbiyot universitetida talaba-yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda narkotik va psixotrop moddalarning noqonuniy, xususan, onlayn savdosiga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent shahar Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ibrohim Hasanov hamda boshqarmaning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanni Toshkent davlat tibbiyot universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori T.Bobomuratov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Unda universitetning 400 nafarga yaqin talaba-yoshlari qatnashdi.
Tadbir davomida kiberxavfsizlik, internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanish, narkotik va psixotrop moddalarning noqonuniy tarqalishi hamda onlayn savdosining oldini olish, shuningdek, yoshlar o‘rtasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning profilaktikasi masalalari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Talabalar bilan ochiq va jonli muloqotda mavzular yuzasidan savollarga javob qaytarildi. Talabalar tomonidan huquqiy xavfsizlik, internetdagi tahdidlar hamda narkotik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga doir dolzarb savollar o‘rtaga tashlandi.
Muloqot davomida mavzu yuzasidan faol ishtirok etib, dolzarb savollar bergan 6 nafar talaba kitoblar bilan taqdirlandi.

Bunday profilaktik tadbirlar talaba-yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni turli salbiy illatlar va huquqbuzarliklardan asrash, shuningdek, internet makonida xavfsiz va mas’uliyatli xulq-atvor ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA