“Talabalar bahori” festivali
Jizzax politexnika institutida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan “Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori ostida “Talabalar bahori” festivali bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni institut rektori, professor Alisher Usmankulov ochib berdi va barchaga omad tiladi.
Ushbu festival talaba-yoshlarda milliy urf-odat va an’analarimizga sadoqat, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sport turlarini rivojlantirish va vatanparvarlik ruhini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgani, madaniyat va sport nafaqat jismoniy barkamollik, balki kuchli iroda, sabr-toqat va jamoaviy ruhni shakllantirishda ham muhim omil hisoblanishi ta’kidlandi.
Institutning transport muhandisligi fakulteti talabalarining musiqiy chiqishlari hamda Markaziy harbiy okrug Jizzax garnizoni orkestr jamoasining tantanavor ijrosi festivalga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
[gallery-23691]
Tadbir davomida “Yosh doirachilar” jamoasining, talaba yigit-qizlar tomonidan namoyish etilgan xalq raqslari, milliy liboslar ko‘rgazmasi barcha yig‘ilganlarda milliy madaniyatimizga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.
Shuningdek, tadbirda oliygoh talabalarining boks, futbol, gimnastika, kurash kabi sport turlaridan, harbiy xizmatchilar va harbiy xizmat itlari bilan namoyish etilgan chiqishlari ishtirokchilar tomonidan davomli olqishlar bilan qarshi olindi.
Festival davomida xalqaro va respublika sport musobaqalari, turli ko‘rik-tanlovlar va fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan jamoa hamda talabalar diplom, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Jizzax politexnika institutida o‘tgan “Talabalar bahori” festivali “O‘zbekiston qo‘shig‘i” bilan yakunlanib, tadbir barcha ishtirokchilar va tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari